Oilaviy zo‘ravonliklar jazosiz qolmaydi
Afsuski, so‘nggi yillarda ayollar va bolalarning turli zo‘ravonlik va tahdidlarga uchragani haqida xabarlar ko‘payib bormoqda. Jabrlanuvchilar begona shaxslar zug‘umidan ko‘ra, oilaviy zo‘ravonlikdan ko‘proq aziyat chekmoqda. Bunday ayanchli holatlar esa opa-singillarimiz va bolalar huquqlari himoyasini kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Binobarin, 2023 yil 11 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasining «Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilindi. Mazkur hujjat asosida 11 ta kodeks va qonunga, jumladan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga ham tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Shu o‘rinda ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tsak. Kodeksning 115-moddasi «Ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash» deya nomlanadi. Yangi qonun bilan ayni jinoyat uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Unga binoan, ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash, agar homila sun’iy tushirilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Vaholanki, hozirgacha bunday jinoyatni sodir etgan shaxs bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanar edi.
Yoki kodeksning 118-moddasida nazarda tutilgan, ko‘pchilik uchun yaxshi tanish bo‘lgan, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar toifasiga kiruvchi «Nomusga tegish» jinoyati uchun ham javobgarlik kuchaytirilmoqda. Bundan buyon nomusga tegish, ya’ni zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy aloqa qilish besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Bunday razil jinoyat ikki yoki bir necha shaxsga nisbatan, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan yoxud ilgari ushbu Kodeksning 119-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxs tomonidan, bir guruh shaxslar tomonidan, o‘ldirish bilan qo‘rqitib, nogironlik belgisiga ega ekanligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Agar nomusga tegish o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan, yaqin qarindoshga, sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoxud umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan, jabrlanuvchini tarbiyalash, o‘qitish va (yoki) unga g‘amxo‘rlik qilish majburiyatlarini bajarayotgan shaxs tomonidan, shuningdek, jabrlanuvchiga qarab turish majburiyatlari qonun bilan zimmasiga yuklatilgan ta’lim, tarbiya, davolash yoki boshqa muassasaning xodimi tomonidan, ommaviy tartibsizliklar ishtirokchisi tomonidan, o‘ta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan yoki og‘ir oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Qolaversa, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish o‘n besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bundan tashqari, kodeksning 121-moddasi «Shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish» deya qayta nomlanib, ayni jinoyatga qo‘l urgan kimsa ham avvalgiga nisbatan og‘irroq jazoga tortilishi belgilandi. Ya’ni xizmat, moddiy yoki boshqa jihatlardan aybdorga qaram bo‘lgan shaxsni jinsiy aloqa qilishga yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirishga majbur etgan aybdorga uch yuz soatdan to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi. O‘sha harakat og‘ir oqibatlarga olib kelsa, shaxs uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortiladi. Agar bunday harakat jinsiy aloqada bo‘lish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish bilan bog‘liq holda sodir etilgan bo‘lsa, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Mazkur moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan harakat o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan, yaqin qarindoshga, sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoxud umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan, takroran, xavfli retsidivist tomonidan yoki ilgari ushbu Kodeksning 118, 119, 128 va 129-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, yoinki og‘ir oqibatlarga olib kelsa, besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga sabab bo‘ladi.
So‘ngi yillarda o‘z hurmatini bilmagan, rafiqasi va farzandlariga faqat zug‘um o‘tkazadigan ba’zi yurtdoshlarimiz safi biroz kengayib ketdi. Oqibatda, ojiza ayol yoki xuddi shunday ahvoldagi bolalar oilaviy zo‘ravonlikdan jabr ko‘rmoqda. Hatto oramizda o‘z jigarbandini ayamay do‘pposlayotgan, unga turli jismlar bilan og‘ir, ayanchli tan jarohati yetkazayotgan xotin-qizlar ham yo‘q emas . Ana shu salbiy holatning – jinoyatning oldini olish maqsadida Jinoyat kodeksi «Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik» deb nomlangan 126-1 modda bilan to‘ldirildi. Endi oilaviy zo‘ravonliklar jazosiz qolmaydi.
Yangi 126-1 moddaga muvofiq, xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoxud umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va mehnatga oid huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qilish, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish, xuddi shuningdek, ushbu shaxslar sog‘lig‘ining yomonlashuviga olib kelgan tarzda ularning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, shuningdek, basharti boshqa jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha jarima yoki bir yuz oltmish soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoxud umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsni do‘pposlash, ushbu shaxslarga sog‘liqning qisqa muddat yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish, o‘sha harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha jarima yoki bir yuz oltmish soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanishiga sabab bo‘ladi. Bu jinoyatni sog‘liqning qisqa muddat, ya’ni olti kundan ortiq, ammo yigirma bir kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga sabab bo‘lgan, sog‘liqning uzoq vaqt, ya’ni kamida yigirma bir kun, ammo to‘rt oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining o‘ttiz uch foizigacha yo‘qolishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga yengil hamda o‘rtacha og‘ir shikast yetkazganlik uchun ham javobgarlik belgilangan.
Qolaversa, bunday jinoyat ikki va undan ortiq shaxsga nisbatan, homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan, o‘ta shafqatsizlik bilan, g‘arazli niyatlarda, diniy taassuflar zamirida, bir guruh shaxslar tomonidan, takroran, xavfli retsidivist tomonidan yoki ilgari ushbu Kodeksning 97, 104, va 105-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxs tomonidan, o‘ta xavfli retsidivist tomonidan, qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatib sodir etilsa ham javobgarlik mavjud.
Tilga olingan qonun asosida Jinoyat kodeksi yana yangi moddalar bilan to‘ldirilib, uning bir qator moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildiki, bularning barchasi hamyurtlarimizning shaxsiy huquq va erkinliklarini ta’minlashga xizmat qiladi. Zero, mamlakatimizda inson qadri hamma narsadan ustundir.
Xurshid Qosimov,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Qo‘qon shahar sudi raisi