Oilalar mustahkamligini ta’minlashga qaratilgan aksiya
Davlatimiz rahbarining shu yil 3-martdagi «Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni xotin-qizlar va farzandlarimizning huquq va manfaatlarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.
Ayni kunlarda “Adolat” SDP tomonidan mazkur Farmonning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish maqsadida respublika miqyosida «Oilalar mustahkamligini kafolatlaylik» aksiyasi o‘tkazilmoqda.
Aksiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad — mahallalardagi nizoli, notinch yoki ayollar va bolalar xavfsizligi tahdid ostida bo‘lgan xonadonlarni aniqlash, zo‘ravonlikka moyil shaxslar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazish va shu orqali oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishdan iborat.

Aksiya doirasida joylarda qator targ‘ibot-tashviqot tadbirlari, uchrashuv va muloqotlar tashkil etilmoqda. Mazkur tadbirlarda xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, oilalarda sog‘lom hamda barqaror muhitni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi alohida urg‘ulanmoqda.
Jumladan, Farmonda belgilangan ustuvor vazifalar — xotin-qizlar va bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilish, oilalarda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni mustahkamlash hamda tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan ishtirokchilarga atroflicha ma’lumotlar berilmoqda.

Shu bilan birga, aksiya davomida aholining huquqiy savodxonligini oshirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, profilaktika ishlarini kuchaytirish hamda mutasaddi tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilib, mas’ul idora va tashkilotlar vakillarining taklif-mulohazalari, tavsiyalari tinglanmoqda.
Ta’kidlash lozimki, aksiya doirasidagi bunday keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlari jamiyat barqarorligini ta’kinlash, sog‘lom oilaviy muhitni shakllantirish, xotin-qizlar hamda bolalarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishda muhim o‘rin tutadi.
22-apreldan boshlangan aksiya 22-maygacha respublikamizning barcha hududlaridagi mahalla va tashkilotlarda davom ettiriladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA