“Boysun bahori”ning Prezident sovrini surxonlik chavandozlarga nasib etdi
“Boysun bahori” xalqaro folklor festivalining uloq-ko‘pkari musobaqasi yakunlandi.
Boysun tumanining Inkobod mahallasidagi keng adirlikda ikki kun davom etgan bellashuvda Surxondaryo viloyati va mamlakatimizning boshqa hududlaridan kelgan mohir chavandozlar jamoaviy hamda yakkalik yo‘nalishlarda o‘z mahoratlarini namoyish etdi.

Do‘stlik, chaqqonlik va halollik kabi fazilatlar namoyon bo‘lgan jamoaviy bahslarda Surxondaryo viloyati chavandozlari g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Prezident sovrini – “Chevrolet Cobalt” avtomashinasi bilan taqdirlandi.

Ikkinchi o‘rinni bir bosh tuya, bir ot va besh dona televizor bilan taqdirlangan Toshkent viloyati jamoasi egalladi.

Uchinchi o‘rin esa bir bosh tuya, bir ot va ikki bosh qo‘chqor bilan mukofotlangan Bandixon – Qumqo‘rg‘on jamoasiga nasib etdi.
Shuningdek, yakkalik bahslari g‘oliblariga ham 15 bosh tuya hamda qimmatbaho sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi.



Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri