Ohanglarda bahor nafasi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir” g‘oyasi asosida umumxalq bayrami ko‘tarinki ruh, samimiyat va milliy qadriyatlar uyg‘unligida keng nishonlandi.
Bahorning ilk nafasi sezilib, tabiat uyg‘onayotgan, qalblarda yangilanish va ezgulik tuyg‘ulari jo‘sh urayotgan ushbu fayzli kunlarda filial hududi ham o‘zgacha shukuh hamda tarovat kasb etdi. Bayram tadbiriga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi rahbariyati, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, nufuzli mehmonlar hamda filial jamoasi tashrif buyurib, Navro‘zning fayzli lahzalarini birgalikda baham ko‘rdilar.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar barchani ushbu qutlug‘ ayyom bilan samimiy muborakbod etdi. Navro‘z azaldan xalqimiz qalbida yashab kelayotgan mehr-oqibat, bag‘rikenglik va yangilanish ramzi ekanini alohida ta’kidlanib, yig‘ilganlarga sihat-salomatlik, baraka va muvaffaqiyatlar tilashdi. Bayram dasturi milliy an’analar va qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan rang-barang chiqishlarga boy bo‘ldi.
Maydonlarda milliy o‘yinlar qizg‘in tus olib, sport musobaqalari yoshlarga shijoat va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Har bir ishtirokchi ushbu jarayonda nafaqat bellashdi, balki haqiqiy bayram shavqini his etdi.
Alohida e’tiborga sazovor jihatlardan biri – milliy taomlar ko‘rgazmasi bo‘ldi. Unda mehmondo‘stlik va pazandachilik san’atining noyob namunalari namoyish etildi, dasturxonlar esa fayz va barakaga to‘ldi. Doshqozonda sumalak qaynatildi. Qozon atrofida jam bo‘lganlar ezgu niyatlar bildirib, asrlar davomida sayqal topgan qadimiy udumlarni davom ettirdi.
Tadbirning badiiy qismi esa bayramga yanada fayz bag‘ishladi. San’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar, milliy ruhdagi sahna ko‘rinishlari va jozibador raqslar ishtirokchilarga zavq ulashdi. Har bir ohangda bahor nafasi, har bir harakatda esa milliylik ifodasi yaqqol sezildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.