Qishloq xo‘jaligi yerlarini muhofaza qilish – dolzarb masala
Mamlakatimizda yer resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, ayniqsa, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni muhofaza qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. So‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishda tizimli ishlar amalga oshirilib, nazorat mexanizmlari yanada kuchaytirilmoqda.
Biroq ayrim hududlarda yer qonunchiligi talablariga zid holatlar hamon uchrab, qishloq xo‘jaligi yerlaridan noqonuniy foydalanish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa o‘z navbatida yer resurslaridan samarali foydalanishga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularning muomaladan chiqib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Shu jihatdan mazkur masala doimiy e’tibor va qat’iy nazoratni talab etadi.

Mazkur dolzarb mavzu yuzasidan “O‘zagroinspeksiya”ning Xorazm viloyat boshqarmasi Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish shu’basi boshlig‘i N.Karimovga savollar bilan murojaat qildik.
– Qishloq xo‘jaligi yerlaridan oqilona foydalanish bugungi kunda nechog‘li dolzarb masala?
– Darhaqiqat, qishloq xo‘jaligi yerlaridan maqsadli va samarali foydalanish bugungi kunning eng ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Chunki ushbu yerlar mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Shu bois ularni noqonuniy qurilishlardan asrash, tuproq unumdorligini saqlash va oshirish, shuningdek, yer resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash davlat siyosati darajasidagi muhim vazifa sifatida belgilangan.
Ayni paytda joylarda yerdan foydalanish ustidan nazorat tadbirlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Bu orqali qonunbuzilish holatlarining oldini olish, yer resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash hamda ularni kelgusi avlodlar uchun asrab qolishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

– Xorazm viloyatida olib borilgan monitoringlar natijalari haqida ma’lumot bersangiz.
– “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan monitoringlar davomida Xiva shahrining bir qator hududlarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Jumladan, Gulshan-2 mahallasida joylashgan “Xiva” massivida “Maftunaxon” fermer xo‘jaligiga tegishli yer maydonida olib borilgan o‘rganishlar davomida umumiy maydoni 195 kvadrat metr bo‘lgan noqonuniy bino va bostirma qurilgani aniqlandi. Mazkur holat qishloq xo‘jaligi yerlarining muomaladan chiqishiga sabab bo‘lib, 12 million 669 ming so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.
– Boshqa hududlarda ham shunga o‘xshash holatlar qayd etildimi?
– Albatta. Qibla Tozabog‘ mahallasi hududida faoliyat yurituvchi “Khiva Garden Fruit” MCHJga tegishli yer maydonida ham o‘zboshimchalik bilan 157 kvadrat metr maydonda qurilish ishlari amalga oshirilgani aniqlandi. Ushbu qonunbuzarlik natijasida 13 million 770 ming so‘mdan ziyod zarar yetkazilgan.

Shuningdek, Lolazor mahallasida joylashgan “Xiva Talanti” fermer xo‘jaligiga qarashli yer maydonida ham noqonuniy ravishda 56 kvadrat metr hajmdagi qurilish ishlari bajarilgani aniqlanib, 4 million 664 ming so‘m miqdorida zarar hisoblandi.
– Aniqlangan holatlar yuzasidan qanday choralar ko‘rildi?
– Barcha aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rish uchun Xiva shahar prokuraturasiga taqdim etildi.
– Mutaxassis sifatida bu kabi qonunbuzarliklarning oqibatlari haqida nima deya olasiz?
– Qishloq xo‘jaligi yerlaridan noqonuniy foydalanish tuproq unumdorligining pasayishiga, ekin maydonlarining qisqarishiga hamda ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yuzaga kelishiga olib keladi. Shu bois yer egalari va foydalanuvchilaridan qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish, yerga mas’uliyat bilan yondashish talab etiladi.
Suhbatdan ko‘rinib turibdiki, yer resurslarini asrab-avaylash va ulardan samarali foydalanish nafaqat bugunning, balki kelajak avlodlar manfaatini ham ta’minlovchi muhim omildir.
Nilufar Bozorova, O‘zA