OChLning 1-turida O‘zbekiston klublari o‘yinlarini boshqaradigan hakamlar ma’lum bo‘ldi
“Paxtakor” o‘yinini kuvaytlik, “Neftchi” bahsini BAA vakili, “Nasaf” uchrashuvini esa tailandlik hakam boshqaradi.
Osiyo futbol konfederatsiyasi 2026/27-yilgi mavsum OFK Chempionlar Ligasi Elita hamda OFK Chempionlar Ligasi 2 musobaqalarining 1-tur uchrashuvlari uchun hakamlar brigadalarini tayinladi.
“Al-Ahli” — “Paxtakor” uchrashuvi 14-sentabr kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida bo‘lib o‘tadi. Bahsni kuvaytlik Abdullah Jamali boshqaradi. Unga hamyurtlari Saud Alshemali va Ali Jraq yordam beradi. To‘rtinchi hakam — livanlik Mohamad Issa. VAR hakami sifatida kuvaytlik Abdullah Arab, AVAR sifatida esa Ammar Ashkanani faoliyat olib boradi.

Shu kuni Farg‘onada “Neftchi” — “Air Force” uchrashuvi o‘tkaziladi. Mazkur bahs BAA vakili Adel Ali Ahmed Khamis Alnaqbiga ishonib topshirilgan. Unga Sabet Obaid Suroor Sabet Al-Ali hamda Ali Rashid Mohamed Aljorn Alnuaimi yordam beradi. To‘rtinchi hakam — Suhail Abdulla Ali Abdulla Almulla. VARda Easa Khalifa Ahmed Khalaf Alhajeri, AVARda esa Sultan Abdulrazzaq Ibrahim Almarzooqi ishlaydi.

O‘zbekistonning yana bir vakili “Nasaf” esa OFK Chempionlar Ligasi 2 guruh bosqichining 1-turida 16-sentabr kuni Bahraynda “Al-Xaldiya” mehmoni bo‘ladi. Uchrashuvni tailandlik Wiwat Jumpaoon boshqaradi. Unga hamyurtlari Kijsathit Pattarapong va Chotrawee Tongduang qanotlarda yordam beradi. To‘rtinchi hakam sifatida iordaniyalik Mahmoud Ahmad Mazin Alsawalmeh tayinlangan.

Shunday qilib, “Paxtakor” o‘yinini kuvaytlik, “Neftchi” bahsini BAA vakili, “Nasaf” uchrashuvini esa tailandlik hakam boshqaradi.