Nurillo Mamasodiqov: mukofot – xususiy tibbiy ta’limga e’tirof (+video)
Nurillo Mamasodiqov – so‘nggi yillarda tibbiyot va tibbiy ta’lim sohasida o‘z o‘rni va faoliyati bilan tanilgan olim, tashkilotchi va rahbar. Uning tashabbusi va muassisligi bilan Farg‘onada «Central Asian Medical University» nodavlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etildi.
O‘tgan qisqa vaqt davomida mazkur oliy ta’lim muassasasi nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda ham o‘z o‘rnini topib, yetakchi ta’lim dargohlari qatoriga qo‘shildi. Universitetda zamonaviy ta’lim infratuzilmasi yaratilgani, malakali professor-o‘qituvchilar faoliyat yuritayotgani, talabalarning nazariy bilimlari amaliyot bilan uyg‘unlashtirilayotgani ta’lim jarayonining muhim jihatlaridir.
O‘qitiladigan kasb inson hayoti bilan bog‘liq. Shuning uchun eng kichik amaliyot, davolash usullari ham talabaga universitetning simulyatsiya markazida puxta o‘rgatiladi. Shundan so‘nggina navbatdagi bosqich uning klinik shifoxonasida davom ettiriladi. Bu yildan esa o‘quv dasturlarida yangilik joriy etiladi.

– Tibbiyotda adashish mumkin emas. Shuning uchun amaliyot va ta’lim chambarchas bog‘liqlikda o‘qitiladi, – deydi Nurillo Mamasodiqov. – Prezidentimiz bu yildan tibbiyotda nazariy ta’limdan so‘ng rezidentura tashkil etish topshirig‘ini berdi. Qolaversa, u 100 foiz davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Ta’limning bu turida band bo‘lganlarda 3,5 mln so‘m stipendiya ham beriladi. Biz bu borada Angliya va Amerika universitetlari tajribasini qo‘llamoqchimiz.
Nurillo Mamasodiqov soha rivoji, tibbiy ta’lim sifati va tizimdagi yangiliklar ustida izlanishdan to‘xtamaydi. Uning rahbarligidagi universitetda erishilayotgan natijalar, shuningdek, mamlakatimiz xususiy ta’lim va tibbiyot muassasalari salohiyatining ortib borayotgani sohada yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Jumladan, 2027-yil 1-yanvardan xususiy tibbiyot muassasalariga ham inson a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini bajarish huquqi berilishi ko‘zda tutilgan.
– 2027-yil 1-yanvardan inson a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish huquqining xususiy tibbiyot muassasalariga ham berilishi biz uchun katta ishonchdir. Dunyoning rivojlangan mamlakatlaridagi yetakchi tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikda bu sohani rivojlantirish niyatidamiz. Jumladan, AQSHdagi hamkorimiz Pittsburg universiteti, Hindistonning «Apolo» klinikasi, Ozarbayjonning «Olmos» klinikasi va tibbiyot akademiyasi bilan birgalikda ushbu yo‘nalishda ish olib borishni rejalashtirganmiz, – deydi Nurillo Mamasodiqov.

Shunday qilib, tibbiy oliy dargoh har tomonlama rivojlanib bormoqda. Endi unda kengayish jarayoni boshlandi. Yaqinda Prezident tashabbusi bilan universitetning Qoraqalpog‘istonda tibbiyot akademiyasi deb ataluvchi filiali ochildi.
– Orolbo‘yi hududidagi bemorlar davolanishiga Prezidentning qayg‘urishi natijasi edi bu, – deydi “Sentral Asian medical university” nodavlat ta’lim muassasasi muassisi Nurillo Mamasodiqov. – Xususiy sektorga bunday e’tibor hech qachon bo‘lmagan. 10 yil avval xususiy tibbiyotga 50 ga yaqin amaliyotga ruxsat berilgan edi. Hozir esa ular soni 200 ga yetdi. Hatto yuqori tibbiy texnologiyalar ishtirokida bajariladigan jarrohlik amaliyotlari ham shular jumlasidandir.
Nurillo Mamasodiqov sog‘liqni saqlash tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash yo‘lidagi xizmatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni doirasida “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlandi. Bunday e’tirof uni yangi marralar sari ruhlantirdi.
– Bu yildan universitetimizda doktorantura ochildi. Ilmiy kengash ochilishi arafasida turibmiz. Oliy attestatsiya kengashi tasdiqlagan ilmiy jurnalimiz bor. Oldimizda sohani rivojlantirishning jiddiy va murakkab vazifalarini qo‘yganmiz. Jamoamiz bilan ularni bajarishga harakat qilamiz.
Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov (video), O‘zA