Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish — ustuvor vazifa
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari Shuhrat Polvonov bilan uchrashdi.
Muloqotda tadbirkorlik sub’ektlarining o‘z faoliyati davomida davlat organlari va tashkilotlari bilan munosabatlarda duch kelayotgan muammolari, ularning kelib chiqish sabablari hamda yechimlari atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Davlat rahbari tashabbusi bilan bu borada tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning oldini olishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda ushbu vazifalar ijrosini hududiy darajada ta’minlash, tadbirkorlarning qonuniy faoliyatiga asossiz to‘siq bo‘layotgan holatlarga barham berish, davlat idoralari bilan munosabatlarda qonun ustuvorligini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Zero, tadbirkorlik sub’ektining huquqi buzilishi nafaqat muayyan korxona faoliyatiga, balki yangi ish o‘rinlari yaratilishi, investitsiya jalb etilishi va hudud iqtisodiy salohiyatiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois har bir murojaatni o‘z vaqtida va qonuniy hal etish, muammoning oqibatlarini emas, avvalo, uni keltirib chiqarayotgan sabablarni bartaraf etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Muloqotda viloyat sudi raisi U. Roziyev, viloyat ma’muriy sudi raisi A. Ahmedov va viloyat prokurori U. Hamdamov ham ishtirok etdi. Tomonlar mavjud muammolarni bartaraf etish, idoralararo hamkorlikni kuchaytirish, tadbirkorlarning murojaatlariga samarali huquqiy yechim topish hamda ularning huquqlari buzilishiga olib kelayotgan holatlarning oldini olish yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuvda bildirilgan taklif va mulohazalar tadbirkorlik sub’ektlari bilan davlat organlari o‘rtasidagi munosabatlarda ochiqlik, qonuniylik va mas’uliyatni yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, tadbirkor o‘z huquqlari ishonchli himoya qilinishiga amalda ishonch hosil qilgan taqdirdagina faoliyatini kengaytirish, yangi loyihalarni boshlash va iqtisodiy taraqqiyotga munosib hissa qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri