Nosir Al-Xelayfi FIFA prezidentligi uchun asosiy nomzod sifatida ko‘rilmoqda
Al-Xelayfi 2011-yildan buyon PSJ prezidenti hisoblanadi. U 2021-yildan boshlab Yevropa klublari assotsiatsiyasi (ECA) raisi lavozimida ishlab kelmoqda, UEFA ijroiya qo‘mitasi a’zosi hamda FIFA Kengashida ECA vakili sifatida faoliyat yuritadi.
Yevropaning bir qator futbol assotsiatsiyalari PSJ prezidenti Nosir Al-Xelayfini 2027-yilda bo‘lib o‘tadigan FIFA prezidentligi saylovida amaldagi rahbar Janni Infantinoga asosiy raqib sifatida ko‘rmoqda. Bu haqda Politico xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, mojaroning markazida FIFA Forward Enterprise loyihasi turibdi. Rejaga ko‘ra, yangi tijorat tuzilmasi FIFA musobaqalari, jumladan jahon chempionatining media va tijorat huquqlarini boshqaradi.
Loyihani moliyalashtirish uchun FIFA tuzilmaning qariyb 20 foiz aksiyasini sotish orqali 4,2 milliard AQSh dollari jalb etishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, Janni Infantino ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan futbol federatsiyalariga qo‘shimcha subsidiyalar ajratishni taklif qilgan.
Mazkur tashabbus UEFA, KONKAKAF hamda Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) tomonidan tanqid qilindi. UEFA hatto umumiy pozitsiyani ishlab chiqish uchun favqulodda onlayn yig‘ilish ham o‘tkazgan. Ko‘rib chiqilayotgan variantlar orasida FIFA shafeligidagi turnirlarni boykot qilish ehtimoli ham bor.
Qayd etilishicha, 2026-yilgi jahon chempionati davomida Yevropa futbol federatsiyalari vakillari orasida Infantinoga muqobil nomzod masalasi faol muhokama qilingan. Hozircha eng kuchli nomzod sifatida Nosir Al-Xelayfi tilga olinmoqda.
Al-Xelayfi 2011-yildan buyon PSJ prezidenti hisoblanadi. U 2021-yildan boshlab Yevropa klublari assotsiatsiyasi (ECA) raisi lavozimida ishlab kelmoqda, UEFA ijroiya qo‘mitasi a’zosi hamda FIFA Kengashida ECA vakili sifatida faoliyat yuritadi.
Eslatib o‘tamiz, Janni Infantino 2016-yildan buyon FIFA prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda. Tashkilotning navbatdagi prezidentlik saylovi 2027-yil 18-mart kuni Marokashning Rabot shahrida bo‘lib o‘tadi.