
Ikkinchi maqola
O‘tgan asrning mash’um qatag‘on siyosati millatimizning minglab vakillarini o‘z domiga tortib, aybsiz aybdor qildi. Ularning ustidan nohaq, adolatsiz qarorlar chiqarildi, ko‘plari navqiron yoshda qatl qilingan bo‘lsa, minglab vatandoshimiz o‘zga yurtlarga, og‘ir sharoitdagi o‘lkalarga surgun qilindi. Ular orasida o‘z aybi nima ekanini bilolmagan, ojiza xotin-qizlar ham talay edi.
Birinchi мақоламизда “vatan xoini” yoki “sotqin”ga chiqarilgan erlarining ortidan qatag‘onga uchragan ayollar haqida to‘xtalgan edik. Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi ekspozitsiya bo‘limi boshlig‘i, qatag‘onga uchragan ayol-qizlar qismatini o‘rganish, ilmiy tadqiq etish bilan shug‘ullanib kelayotgan mutaxassis Aziza Ahrorova aybsiz aybdor qilingan turmush o‘rtog‘i tufayli qatag‘onga uchragan o‘zbek ayoli – Tojixon Ahmedovaning qismati haqida gapirib berdi:
– “Katta qirg‘in” davrining minglab begunoh qurbonlari orasida xotin-qizlar ham bor edi. Ularning aksariyati turmush o‘rtog‘ining bo‘yniga ilingan ayblovlar oqibatida surgunga uchragan, nohaq ayblangan yoxud eriga sherik sifatida hibsga olingan.
Ana shunday ayollarimizdan biri 1906 yilda tug‘ilgan, uy bekasi, ijtimoiy kelib chiqishi mayda savdogar, toshkentlik Tojixon Ahmedovadir. U turmush o‘rtog‘ining “aksilinqilobiy faoliyatiga sherik” bo‘lgani uchun hibsga olingan.

Turmush o‘rtog‘i Abdulhay Tojiyev 1937 yilning 2 avgustida 39 yoshida hibsga olingan. Hibsga olingunga qadar Toshshahar soveti raisi lavozimida ishlagan. Shaxsiy hujjatiga ko‘ra, 12 yoshli Latofat (asrab olingan) va 14 yoshli Uchqun ismli farzandlari bor. Ularning ikkalasi ham Krupskaya nomli maktabda o‘qigan. Ota-ona qamoqqa olingandan keyin ularni Tojixonning akasi Saidg‘ani Ahmedov o‘z qaramog‘iga olgan.
Turmush o‘rtog‘i hibsga olinganidan so‘ng, 1937 yil 25 oktyabrda ayblanuvchi Tojixon Ahmedova ham so‘roq qilinadi: “Qamoqqa olingan Tojiyev Abdulhay bilan qanday munosabatda bo‘lgansiz? Uning aksilinqilobiy faoliyati haqida nimalarni bilasiz?” kabi savollarga Tojixon Abdulhay Tojiyevga 1922 yilda turmushga chiqqani, erining aksilinqilobiy faoliyati haqida hech narsa bilmasligini aytadi. Ammo u yolg‘on ko‘rsatma berganlikda, turmush o‘rtog‘ining aksilinqilobiy faoliyatidan xabardorlikda va uning faoliyatiga yordam berganlikda ayblanadi.
Erining aksilinqilobiy faoliyati haqida hech narsa bilmasligini qayta-qayta takrorlagan Tojixon Ahmedovaning “ishi” 1937 yil 21 noyabrda SSSR NKVDning alohida majlisida ko‘rib chiqiladi va u “vatan xoini” oilasining a’zosi sifatida 8 yilga hukm qilindi.
Turmush o‘rtog‘i Abdulhay Tojiyev esa 1938 yil 4 oktyabr kuni Toshkentning Yunusobod tumanidagi qatlgohlarning birida otib tashlanadi. Bu paytda esa Tojixon Ahmedova Mordva avtonom respublikasida qamoq jazosini o‘tayotgan edi.
Arxiv hujjatlariga ko‘ra, Tojixon Ahmedovaning akasi Saidg‘ani Ahmedov 1939 yil 15 aprelda NKVDning O‘zbekiston bo‘limiga murojaat etib, singlisining taqdiri haqida ma’lumot berishlarini so‘raydi. Tojixon Ahmedovaning o‘g‘li Uchqun va qizi Latofat ham 1942 yil 14 mart kuni ariza yozib, otasi tufayli qamoqqa olingan onasining ishini qayta ko‘rib chiqishlarini so‘raydilar. Lekin ularning bu arizalari bee’tibor qoldiriladi. Bu orada Uchqun Tojiyev armiya safiga olinib, 79-maxsus o‘qchi brigadaga yuboriladi va u urushda halok bo‘ladi.
8 yillik mahkumlikdan so‘ng, 1945 yil 2 oktyabrda Tojixon Ahmedova mehnat lageridan ozod etildi. Lekin sudlanganligi bekor bo‘lmagani uchun Vataniga qayta olmadi. Shuning uchun u 1950 yil 31 dekabrda Qozog‘iston SSR Sariog‘och tumani xavfsizlik xizmati boshqarmasiga ariza yozadi. Arizasida hech qayerda ishlamagan, uy xo‘jaligi bilan mashg‘ul bo‘lgan ayol ekanligi, qamoqqa olingan sobiq turmush o‘rtog‘i uchun jazoga mubtalo bo‘lib, 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgani, 87 yoshli onasi qarovga muhtoj ekanini yozadi.
“Shuni hisobga olib, sudlanganim haqidagi moddani olib tashlashingizni va 14 yil davomida judo etilganim – oilam bag‘riga qaytishimga imkon berishingizni iltimos qilaman” deb so‘raydi arizasida. Sudlanganligi bekor bo‘lib, ozod etilgan Tojixon Toshkentga qaytib keladi. Lekin uning yashashga uy-joyi yo‘q edi. Jazo o‘tash joyidagi og‘ir sharoit sog‘lig‘idan ham ayirgan edi.
Shundan keyin Tojixon moddiy ahvolini yaxshilash va sog‘lig‘ini tiklash maqsadida yordam so‘rab, mutasaddi tashkilotlarga murojaat qiladi. Lekin bu arizaning keyingi taqdiri noma’lum.
Ta’kidlash joizki, Tojixon Ahmedova singari nohaq aybdor qilingan va umri zomin bo‘lgan ayollarimiz juda ko‘p. Arxiv hujjatlarida saqlanmagan taqdirlar qancha. Yurtimizda qatag‘on davri qurbonlarini ilmiy tadqiq etish, o‘rganish va yosh avlodga yetkazish masalalariga alohida ahamiyat qaratilayotgani biz ilmiy xodimlarni quvontiradi. Bu boradagi izlanishlarimizni izchil davom ettiryapmiz. Qatag‘on davridagi begunoh qismat egalari haqidagi hujjat va ma’lumotlarni batafsil o‘rganib, keng jamoatchilikka, ayniqsa, yoshlarimizga yetkazish zimmamizdagi mas’uliyatli vazifalardandir.
Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA