Nodir madaniy merosimiz yurtimizga qaytmoqda
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Ilmiy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda madaniy merosni muhofaza qilish hamda uni xalqaro hamkorlik orqali Vatanimizga qaytarish bo‘yicha amalga oshirilgan sa’y-harakatlar natijasida qaytarilgan noyob tarixiy osori atiqalar ilk bor keng jamoatchilik e’tiboriga havola etildi.
Yig‘ilish davomida Ilmiy kengash a’zolariga Operation Inherent Vice xalqaro amaliyoti doirasida aniqlangan bebaho madaniy meros namunalari namoyish etildi.
Ushbu amaliyot Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti huzuridagi Heritage Crime Task Forse, London politsiyasining san’at va antikvar jinoyatlar bo‘limi, Art Loss Register, shuningdek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) hamkorligida amalga oshirilgan.
[gallery-29372]
Taqdim etilgan artefaktlar Markaziy Osiyo sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixiy rivojlanishini aks ettirib, buddaviylik, sug‘diy va islomiy madaniy qatlamlarni o‘z ichiga oladi. Ular orasida Kushon davriga oid haykal boshlari va byustlar, shtuko bezaklari bo‘laklari, II-VIII asarlarga mansub noyob devoriy suratlar hamda Fayoztepa va Qoratepa arxeologik majmualariga tegishli osori atiqalar mavjud. Shuningdek, XV asrga oid temuriylar davriga mansub kenotaf alohida ilmiy va madaniy ahamiyatga ega.
Ishtirokchilar e’tiborini buddaviy mazmundagi devoriy suratlar, shuningdek, Gandhara va ilk buddaviy san’at aqidalarini aks ettiruvchi terrakota va shtuko haykallar tortdi. Ular qadimiy san’at maktablarining yuksak badiiy salohiyati va madaniy uyg‘unliklarini namoyon etadi.
Yig‘ilish doirasida temuriylar davriga oid tosh kenotaf ham taqdim etildi. U murakkab bitiklar, bezaklar va she’riy matnlar bilan ishlangan bo‘lib, Markaziy Osiyo memorial san’atining noyob namunasi sifatida baholandi.
Ilmiy kengashda ushbu yodgorliklarni kelgusida ilmiy o‘rganish, qayta tiklash, ro‘yxatga olish va muzey ekspozitsiyasiga tayyorlash masalalari muhokama etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov ushbu jarayon haqida quyidagi fikrlarni bildirdi.
– Mazkur noyob artefaktlarning Vataniga qaytarilishi muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan madaniy merosni muhofaza qilish, asrash va xalqaro miqyosda qaytarishga oid izchil davlat siyosatining natijasidir, – dedi Firdavs Abduxoliqov. – Aynan shu siyosat xalqaro hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yish va ushbu yo‘nalishda amaliy natijalarga erishish imkonini beradi.
O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida ushbu noyob madaniy meros namunalarining taqdimoti mamlakatning boy tarixiy va madaniy merosini saqlash, o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan davlat siyosatining yana bir yorqin amaliy natijasidir.
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov (suratlar),
O‘zA muxbirlari