“Nazorat ostida olish” operatsiyasi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi hamda Davlat xavfsizlik xizmati Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda Nukus shahri hududida “Nazorat ostida olish” tezkor-qidiruv tadbiri natijasida qonun buzilishi holati aniqlandi.
Nukus shahrida joylashgan savdo do‘konida tezkor tadbirga jalb qilingan shartli xaridorga 1 dona muomalada bo‘lishi taqiqlangan elektron tamaki mahsulotini jami 360 ming so‘m mablag‘ evaziga sotgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan to‘xtatildi. Berilgan sanksiya asosida, ushbu do‘kon ko‘zdan kechirilganda hech qanday hujjatlari bo‘lmagan, bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tmagan 180 qutida 540 dona elektron tamaki mahsuloti kartriji, jami 672 quti har xil turdagi tamaki mahsuloti, 157 dona har xil turdagi elektron tamaki mahsuloti, 7 dona elektron tamaki mahsulotlari isitish moslamasi, 51 dona elektron tamaki mahsulotlari suyuqligi, 251 dona chilim uchun likopchalar borligi aniqlangan.

Hadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi xulosasiga ko‘ra mazkur tovarlarning jami qiymati 153 million 728 ming so‘m ekanligi tasdiqlangan.
Holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 186-1 moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.