Yoshlar bilan muloqotda ularning ekologik takliflari tinglandi
Yurtimizda haftaning har payshanba kun “Yoshlar kuni” sifatida barcha tashkilot va muassasalarda yoshlar bilan muloqotlar o‘tkazilmoqda. Ularda yoshlar vakillarining taklif va tashabbuslari, g‘oyalari, muammolari tinglanmoqda va ularga yechimlar topilmoqda.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy kengashida ham “Yoshlar kuni” munosabati bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Unda oliy ta’lim muassasalari talabalari, yosh siyosatchilar va startap g‘oyalari mualliflari ishtirok etib, o‘z taklif va tashabbuslari bilan faol qatnashdilar.

Tadbirda partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Nilufar Matkarimova hamda Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova ishtirok etib, yurtimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, yangi yashil hududlar barpo etish va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdilar. Yoshlarning ekologik madaniyatini oshirish kelgusida ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ekanligi alohida ta’kidlandi.

Tuman hokimi Yakkasaroyda yoshlarning faolligi va tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, Ekopartiyaning tuman tashkiloti bilan hamkorlikda olib borilayotgan amaliy tadbirlarga urg‘u qaratdi.

Muloqot davomida yoshlar ham o‘z fikrlarini bildirib, ekologiya mavzusida media kontentlar yaratish, turli forum va aksiyalar tashkil etish, chiqindilarni qayta ishlash tizimini takomillashtirish hamda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan qator takliflarni ilgari surdilar.
Yoshlar bilan muloqot jonli va samarali tarzda o‘tdi. Bunday ochiq suhbatlar yoshlarning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini yanada kuchaytirish, ularning g‘oya va tashabbuslarini amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA