Namanganda maqom ijrochilari bellashuvi boshlandi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati musiqali drama teatrida III Xalqaro maqom san’ati anjumani doirasida o‘tkazilayotgan respublika tanlovining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov davlatimiz rahbarining maqom san’atini rivojlantirish, milliy musiqa merosini asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazishga qaratilgan qarori ijrosi doirasida tashkil etilmoqda.
Ochilish marosimida Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Botirjon Nuritdinov, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, professor, Yunus Rajabiy nomidagi «Maqom» ansambli badiiy rahbari Abduhoshim Ismoilov hamda soha vakillari ishtirok etdi.
[gallery-29822]
Tadbirda so‘zga chiqqanlar maqom san’atining milliy madaniyatimiz va ma’naviy hayotimizdagi o‘rni, uni asrab-avaylash, targ‘ib qilish va yosh avlodga yetkazishning ahamiyatiga to‘xtaldi.
Tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan saralangan iqtidorli ijrochilar ishtirok etmoqda. Ularning chiqishlari nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan baholanadi.
Tanlovning asosiy maqsadi maqom san’atining boy an’analarini keng targ‘ib qilish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va milliy musiqa maktablarini yanada rivojlantirishdan iborat.
Tanlov yakunida g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, munosib taqdirlanadi. Eng yaxshi ishtirokchilar III Xalqaro maqom san’ati anjumani tadbirlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA