Mundialning barcha ishtirokchilari ma’lum: Iroq Boliviyani yengib, so‘nggi chipta sohibiga aylandi
Iroq terma jamoasi 2026-yilgi jahon chempionatiga chiqish uchun kechgan pley-off (o‘tish) o‘yinida Boliviya ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvning 38-daqiqasida iroqliklar hujumchisi Ali Al-Hamadi hisobni ochdi. Boliviya terma jamoasi 18 yoshli Moises Paniaguaning 45-daqiqadagi goli evaziga muvozanatni tikladi. Iroqqa g‘alaba keltirgan golga esa 53-daqiqada Ayman Husayn mualliflik qildi.
Shu tariqa, Iroq terma jamoasi JCh-2026 ning so‘nggi ishtirokchisiga aylandi. Jamoa "I" guruhida Fransiya, Senegal va Norvegiya terma jamoalari bilan kuch sinashadi.