Mulohaza: tinglash madaniyati nega yo‘qolib boryapti?
Bir paytlar kechqurun hovlilar oldiga kursilar qo‘yilib, soya-salqinda qo‘shnilar bir piyola choy ustida gaplashar, kimningdir dardi bo‘lsa, eshitadigan quloq topilardi. Bolalar maktabdan kelib, kuni qanday o‘tgani, nimalar sodir bo‘lganini aytib berar, ota-onalar esa ishini bir chetga surib, farzandini tinglardi.
Bugun-chi? Bugun hamma gapiradi. Lekin tinglaydigan odam kamayib borayotgandek.
Bir xonadonda hamma birga o‘tiradi. Ammo har kimning ko‘zi telefonda. Farzand: “Oyi, bir narsa aytsam…” deydi. “Hozir”, degan javobni oladi. O‘sha “hozir” esa ba’zan kunlarga, hatto yillarga cho‘ziladi.
Aslida insonning eng katta ehtiyojlaridan biri — uni kimdir chin dildan eshitishi. Maslahat emas, tanbeh emas, faqat tinglash.
Ko‘plab ota-onalar farzandiga kiyim-kechak sotib oladi, ovqatini tayyorlaydi, yaxshi ta’lim berishga harakat qiladi. Lekin uning qalbida nima kechayotganini eshitishga vaqt topolmaydi. Keyin esa: “Nega farzandim men bilan dardlashmay qo‘ydi?” deb hayron bo‘ladi.
Faqat farzandlar emas… Er-xotin bir uyda yashaydi, ammo bir-birini eshitmaydi. Dugonalar birga qahva ichadi, lekin suhbatning yarmi telefon ekraniga qarab o‘tadi. Qo‘shnilar bir devorning ikki tomonida yashaydi, ammo oylab hol-ahvol so‘ramaydi.
Nega shunday bo‘ldi, degan savol odamga tinchlik bermaydi. Chunki hayot tezlashdi. Ish ko‘paydi. Telefonlar e’tiborimizni o‘g‘irladi. Ijtimoiy tarmoqlarda yuzlab odamlarni kuzatamiz, ammo yonginamizdagi insonning kayfiyatini payqamaymiz. Hamma javob berish uchun tinglaydi, tushunish uchun emas.
Eng xavflisi shundaki, inson tinglanmagani sari dardini ichiga yuta boshlaydi. Aytilmagan dard yig‘iladi, yig‘ilgan dard esa bir kuni alamga, g‘azabga yoki befarqlikka aylanadi. Ko‘plab oilaviy nizolar bir kunda paydo bo‘lmaydi. Ular yillar davomida aytilmay qolgan gaplar, eshitilmay qolgan his-tuyg‘ular va e’tiborsiz qolgan qalblar ustiga quriladi.
Buning oqibatlarini oila institutida ham ko‘rish mumkin. Albatta, har bir ajralishning o‘ziga xos sababi bor. Ammo mutaxassislar ta’kidlaganidek, bir-birini eshitmaslik, dard va his-tuyg‘ularni bo‘lishmaslik ham ko‘plab oilaviy kelishmovchiliklarning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Statistik ma’lumotlar ham bu haqda o‘ylab ko‘rishga undaydi. O‘zbekistonda 2025-yilda qayd etilgan nikohlar soni o‘tgan yilga nisbatan 4,7 mingtaga kamayib, 267,1 mingtani tashkil etdi. Mamlakatda nikohlar soni 2021-yildan buyon izchil pasayib bormoqda. Shu bilan birga, ajralishlar soni 46,9 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 1,8 mingtaga oshgan. Albatta, bu raqamlarni faqat tinglash madaniyatining susayishi bilan izohlab bo‘lmaydi. Biroq oilada bir-birini eshitish, tushunish va samimiy muloqotning yetishmasligi ham bu kabi holatlarga olib keluvchi muhim omillardan biri ekanini inkor etib bo‘lmaydi.
Bu holatning yana bir sababi bor. Biz darrov xulosa chiqarishga o‘rganib qoldik. Tanish yoki yaqin insonimizni aytayotgan gapi tugamasidan maslahat beramiz yoki ayblaymiz. Bu esa odamlarni bir-biridan uzoqlashtiradi. Bir uyda yashab ham begona bo‘lib qolishning sababi shu.
Eng achinarlisi, eshitilmagan bola bir kuni gapirishdan to‘xtaydi. E’tibor topmagan inson esa boshqa joydan mehr izlaydi. Ba’zi yoshlar nega ijtimoiy tarmoqlarda notanish odamlarga dardini aytadi? Nega ayrimlar uyida aytolmaganini begonaga aytadi? Chunki inson, avvalo, uni eshitadigan quloq izlaydi.
Jamiyatda ham xuddi shunday. Bir-birini tinglash madaniyati susaysa, ishonch kamayadi. Ishonch kamaygan joyda esa befarqlik kuchayadi. Befarq odam esa qo‘shnisining dardiga ham, mahallasining muammosiga ham, jamiyat taqdiriga ham loqayd qaray boshlaydi. Befarqlik esa har qanday jamiyat uchun eng xavfli illatlardan biridir.
Yaxshi suhbatdosh — eng chiroyli gapiradigan odam emas. Yaxshi suhbatdosh — siz gapirayotganda telefonni chetga qo‘ya oladigan, ko‘zingizga qarab tinglay oladigan inson.
Bugun uyga borganingizda farzandingizdan: “Kuning qanday o‘tdi?” deb so‘rang. Javobini bo‘lmasdan, oxirigacha eshiting. Ota-onangizga qo‘ng‘iroq qiling. Qo‘shningizning holidan xabar oling. Do‘stingizga: “Seni eshitishga vaqtim bor”, degan hisni bering.
Balki katta muammolarning yechimi baland minbarlarda emasdir. Balki u har bir xonadonda, har bir suhbatda, bir insonning ikkinchi insonga samimiy quloq tutishi bilan boshlanar...
Nigora Rahmonova, O‘zA