Mudofaa vaziri “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirida ishtirok etdi
Ilk bor maktab ostonasini hatlab o‘tayotgan jajji o‘g‘il-qizlar ushbu kun shukuhini bir umr unutmaydi.
Bu kunning sermazmun taassurotlari sifatida birinchi sinf o‘quvchilariga Prezident sovg‘alari hamda kitob jamlanmalari tantanali ravishda topshiriladi. Bu sovg‘alar bolajonlarni bilim olish, kitob mutolaasi va ezgu maqsadlar sari ruhlantiruvchi munosib rag‘bat hamdir.
Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 148-maktabda yangi 2026/2027-o‘quv yilining boshlanishiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirida O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Shuhrat Xolmuhamedov ishtirok etib, o‘quvchilar, ustozlar va ota-onalarni yangi o‘quv yili bilan muborakbod etdi.

Tadbir davomida yangi o‘quv yilining dastlabki “Mustaqillik darsi” mashg‘uloti ham tashkil etildi. Unda yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat, mustaqillik ne’matini qadrlash hamda yurt kelajagiga daxldorlik tuyg‘ularini shakllantirishning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Bayramona tadbirga Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansamblining musiqiy chiqishlari ham o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Ona Vatan, tinchlik va ezgulikni tarannum etgan kuy-qo‘shiqlar maktab hovlisini bayramona sadolarga to‘ldirib, o‘quvchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
“Birinchi qo‘ng‘iroq” sadolari ostida boshlangan yangi o‘quv yili minglab bolajonlar hayotida yangi sahifa ochdi. Shu ma’noda bilimlar kunini nafaqat yangi o‘quv yilining boshlanishi, balki mustaqil O‘zbekistonning yorqin kelajagi sari tashlangan dadil qadam, deyish mumkin.
A.RUSTAMOV,
O‘zA