Millat oydini haqidagi yangi asar
Totalitar tuzumning zug‘umiyu zulmini boshdan o‘tkazib ham o‘z xalqiga, millatiga sadoqat bilan xizmat qilish, ilm-fan, adabiyot yo‘lida chin ma’noda fidoyilik ko‘rsatish, zahmat chekish uchun inson qanchalik kuchli iroda, daryodek keng va pokiza qalb sohibi bo‘lmog‘i kerak? Navoiyshunos, matnshunos olim, millatimiz oydini Hamid Sulaymon haqida gap ketganida ayni fikrlar inson xayolidan kechishi tabiiy.
Hamid Sulaymon o‘zbek adabiyotshunosligi va san’atshunosligining zabardast namoyandasi, qalbi she’riyat va nafosat bilan yo‘g‘rilgan zahmatkash olim. Ustoz olim — Navoiy ijod gulshanining eng fidoyi bog‘boni, qadimiy qo‘lyozmalar qa’ridagi ma’no durlarini xalqqa armug‘on etgan ma’rifat fidoyisi. Uning nigohida o‘tmish va kelajakni bog‘lovchi bir nur, ajdodlar merosiga bo‘lgan katta ehtirom mujassam edi. Hamid Sulaymon nainki matnlarni, balki o‘zbek xalqining boy madaniy merosi va ruhiyatini qayta tiriltirgan ziyo sohibi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida atoqli adiba Galina Dolgayaning “Vse, chto sudboy predresheno” – “Bari taqdirda bor” nomli badiiy-hujjatli asarining taqdimoti o‘tkazildi.

Asar o‘zbek mumtoz adabiyoti bilimdoni, fidoyi olim Hamid Sulaymonov hayoti va faoliyati haqida hikoya qiladi.
Olimning bolaligi ma’rifatparvar oilada kechdi, u Turkiston jadidlari faoliyatining guvohi bo‘ldi, o‘tgan asrning 50-yillaridagi qatag‘onlar girdobiga tushdi. Oqlangach, o‘z hayotini mumtoz adabiyot tadqiqotiga bag‘ishladi. Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi hamda Toshkentdagi Qo‘lyozmalar institutini tashkil etdi.
Hamid Sulaymon (1910–1979) — o‘zbek adabiyotshunosligi va matnshunosligining yirik namoyandasi bo‘lib, uning faoliyati o‘zbek mumtoz adabiyotini, xususan, Alisher Navoiy merosini tiklash va dunyoga tanitishga bag‘ishlangan. Olim Alisher Navoiy asarlarining qo‘lyozmalarini izlab topish, tadqiq etish va nashrga tayyorlashda ulkan ishlarni amalga oshirgan.

Xususan, “Xazoyin ul-maoniy” asarining ilmiy-tanqidiy matnini yaratgan. Olim Alisher Navoiyning ilk devonlari — “Badoye’ ul-bidoya” va “Navodir un-nihoya” shoir hayotligidayoq tuzilganini ilmiy isbotlab bergan. Hamid Sulaymon uzoq yillar davomida qo‘lyozmalarni solishtirib, Navoiy o‘z ijodini tizimlashtirishni aynan shu devondan boshlaganini va bu qo‘lyozma shoir hayotligida, uning nazorati ostida ko‘chirilganini isbotlagan.
Bu devonning topilishi va o‘rganilishi Navoiy ijodiy evolyutsiyasini tushunishda inqilobiy yangilik bo‘lgan edi.
Navoiy lirikasining 47 ming misradan iborat “Xazoyin ul-maoniy” (Kulliyoti) asarining ilmiy-tanqidiy matnini yaratgan va nashr ettirgan. U xorijiy mamlakatlar (Fransiya, Hindiston va boshqa davlatlar) kutubxonalaridan o‘zbek adabiyotiga oid noyob qo‘lyozmalarni topib, Vatanimizga qaytargan. Masalan, Hofiz Xorazmiyning “Devon”ini Hindistondan olib kelib, nashr ettirgan.

Hamid Sulaymon Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyining tashkilotchisi va birinchi direktori bo‘lgan. Shuningdek, u Toshkent, Andijon, Qo‘qon kabi shaharlarda adabiyot muzeylari va Qo‘lyozmalar institutining tashkil etilishiga rahbarlik qilgan.
“Boburnoma”, Alisher Navoiy va Amir Xusrav Dehlaviy asarlariga ishlangan miniatyuralar (rasmlar) albomlarini tuzgan va chop ettirgan. Xattotlik, kitobat san’atiga oid asarlar yaratgan. Zahmatkash olim haqidagi yorqin xotiralar taniqli adiba va olima, Hamid akaning umr yo‘ldoshi Fozila Sulaymonovaning asarlarida ham batafsil bayon etilgan.
Faoliyatining ilk yillarida Moskva kinematografiya institutini tugatib, kino sohasida ishlagan. Keyinchalik oliy o‘quv yurtlarida jahon va xorij adabiyotidan dars bergan. Olim o‘z ilmiy xizmatlari uchun Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Adabiy tadbirda zahmatkash ijodkor Hamid Sulaymon faoliyati, u haqidagi yangi kitob bo‘yicha batafsil so‘z yuritildi. Chindan ham shijoatli olimning hayoti, faoliyati bugungi yoshlar uchun chin ma’noda ibrat maktabi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri