Metro bekatlarida suv sizishini bartaraf etish zarur
Toshkent metropoliteni nafaqat aholimizga xizmat ko‘rsatuvchi muhim transport tizimi, balki xorijiy sayyohlar e’tiborini tortayotgan noyob madaniy meros ob’ektlaridandir. Ayrim bekatlar o‘ziga xos arxitekturasi va badiiy bezaklari bilan milliy madaniyatimiz ifodasi sifatida qadrlanadi.
Mamlakatimizning turizm salohiyati yuksalib borayotgan bir davrda metro infratuzilmasidagi texnik muammolar yo‘lovchilar va sayyohlarga noqulaylik tug‘dirishi bilan bir qatorda bebaho merosni asrashga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois tizimni modernizatsiya qilish, xavfsizlikni ta’minlash va tarixiy-madaniy qiyofaga ega bekatlarni asl holicha saqlash muhim vazifadir.
Ayni maqsadda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulruh Agzamova Toshkent metropoliteni infratuzilmasida kuzatilayotgan muammolar yuzasidan transport vaziri Ilhom Mahkamovga deputatlik so‘rovi yubordi. Unda yo‘lovchilar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan qator texnik holatlar ko‘tarilgan.
Keyingi yillarda transport tizimini modernizatsiya qilish, metro tarmog‘ini kengaytirish va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq ayrim bekatlar va inshootlarning texnik holati jiddiy e’tibor talab etmoqda.
Xususan, tashqi muhit ta’sirida tonnel devorlari va bekat platformalaridan suv sizishi holatlari kuzatilmoqda. Bu, avvalo, infratuzilma mustahkamligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi bilan birga, yo‘lovchilar xavfsizligi uchun ham muayyan tahdidlarni yuzaga keltiradi.
So‘rovda «Beruniy», «G‘afur G‘ulom», «Alisher Navoiy» va «Kosmonavtlar» bekatlarida suv sizishi oqibatida keramika pannolari eskirgani, ayrim joylarda yaroqsiz holga kelgani, ayniqsa, bekatlarning tarixiy-badiiy qiyofasiga putur yetayotgani qayd etilgan.
Shuningdek, «Choshtepa» — «O‘zgarish» bekatlari oralig‘idan oqib o‘tuvchi «Junariq» kanali hamda «Turon» — «Quruvchilar» bekatlari oralig‘idagi «Chortoq» ariqlari metropoliten yer usti yo‘lining ko‘prik tayanch ustunlari atrofidagi tuproqni yuvib ketmoqda. Bu holat mazkur inshootlar mustahkamligi va xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatadi.
Deputat «Chorsu», «G‘afur G‘ulom» va «Alisher Navoiy» bekatlarida 1984-yilda ishga tushirilgan eskalatorlar ta’mirtalab holatga kelgani, ularni zamonaviy, xavfsiz va energiya tejamkor qurilmalarga almashtirish zaruratini ham ta’kidlangan. Shu bilan birga, Chilonzor yo‘nalishida 1977-yilda foydalanishga topshirilgan birlashgan nim tortish stansiyasi — BNS-2 texnik jihatdan eskirgani, ehtiyot qismlar bilan ta’minlash murakkablashayotgani bildirilgan.
Gulruh Agzamova ayrim bekatlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun o‘rnatilgan elektron ko‘targichlar to‘liq ishlamayotgani, yer osti bekatlarida taktil yo‘laklar mavjud emasligi imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun qiyinchiliklar tug‘dirayotganiga ham e’tibor qaratdi.
Bundan tashqari, yer usti halqa yo‘lida yirik gabaritli yuk avtotransport vositalarining metropoliten ko‘prigi to‘siniga tegib o‘tishi natijasida inshootlarga zarar yetkazilayotgani qayd etilgan. Shuningdek, irrigatsiya ariqlari va yashil hududlardan sizib chiqayotgan suvlar tonnel, bekat konstruksiyalari, elektr jihozlari va metall qismlarda korroziya hamda texnik nosozliklar xavfini oshirmoqda.
Shu munosabat bilan deputat so‘rovida metro bekatlari va tonnellarda suv sizishini bartaraf etish, ko‘prik tayanchlari atrofidagi suv oqimini tartibga solish, qirg‘oqlarni mustahkamlash, maxsus gabaritli darvozalarni o‘rnatish, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish, metro inshootlari mustahkamligi hamda yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar va rejalar yuzasidan ma’lumot berish so‘ralgan.
M.Komilova, O‘zA