Mehmonxona sohasi vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida mehmonxona, mehmon uyi va boshqa joylashtirish vositalari rahbarlari hamda tadbirkorlar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Unda joylashtirish vositalari faoliyatiga oid yangi talab va standartlar, tadbirkorlar uchun mavjud imtiyoz va imkoniyatlar, turistlar uchun qulay va xavfsiz sharoitlar yaratish masalalari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
2026-yil sentabr oyidan turizm sohasida xizmatlar sifati va xavfsizligini yanada oshirishga qaratilgan yangi talablar kuchga kirdi.
O‘zDSt 125:2024 standartiga 1-son o‘zgartirish 3-sentabrdan amaliyotga joriy etildi. Unda mehmonxonalarda energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanish, jumladan, LED yoritish vositalari, harakat va tabiiy yorug‘lik datchiklarini qo‘llash, issiq suv ta’minotida quyosh kollektorlari yoki yuqori samarali issiqlik nasoslaridan foydalanish kabi talablar belgilangan.
– Bu yangiliklar turizm ob’ektlarida xizmat ko‘rsatishni ekologik va iqtisodiy samaradorlik tamoyillari bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi. Ya’ni zamonaviy mehmonxona nafaqat sayyohga qulay sharoit yaratishi, balki energiya resurslaridan oqilona foydalanishi, raqamli imkoniyatlarni keng qo‘llashi va atrof-muhitga ehtiyotkor munosabatda bo‘lishi kerak, – deydi “Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish markazi” davlat muassasasi direktori Jamshid Gaziyev. – Yangi talablarda milliylikka ham alohida o‘rin berilgan. Mehmonxonalarda o‘zbek nonushtasining turli toifalarini joriy etish, jamoat joylari va xonalarni milliy uslub elementlari asosida bezash, xizmat ko‘rsatish jarayonlarini raqamlashtirishga qaratilgan yondashuvlar belgilanmoqda. 12-sentabrdan kuchga kirgan O‘zDSt 958:2026 davlat standartida B&B mehmonxona, qo‘noqxona - xostel, yotoqxona kabi joylashtirish vositalariga oid tushunchalar aniqlashtirildi. Shu bilan birga, turistlarning turli ehtiyojlarini hisobga olgan holda inklyuziv turizm muhitini shakllantirish, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun zarur qulayliklarni ta’minlashga ham e’tibor kuchaytirilmoqda.
Bugungi kunda viloyatda 368 ta joylashtirish vositasi faoliyat yuritmoqda. Ularning 64 tasi mehmonxona, 15 tasi dam olish maskani, 47 tasi xostel, 10 tasi o‘tovli lager va 233 tasi mehmon uylaridir. E’tiborlisi, bu tarmoq izchil kengayib bormoqda. 2025-yil davomida 69 ta joylashtirish vositasi tashkil etilgan bo‘lsa, 2026-yilning sakkiz oyidayoq 64 ta yangi ob’ekt ishga tushirildi. Ularning 5 tasi mehmonxona, 56 tasi mehmon uyi, 2 tasi xostel va 1 tasi o‘tovli oromgohdir. Bu o‘tgan yilning mos davridagi 18 ta ko‘rsatkichga nisbatan 3,5 barobar o‘sishni anglatadi.
Joriy yilning sakkiz oyida esa 12 ta yangi turistik tashkilot faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularning umumiy soni 105 taga yetkazildi.
– Bugun mamlakatimizda inson qadrini yuksaltirish, tadbirkorlik uchun qulay sharoit yaratish, xizmat ko‘rsatish sohasini zamonaviy talablar asosida rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil davom etmoqda, – deydi viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i Komil Normamatov. – Bu jarayonda turizm sohasi ham yangi bosqichga ko‘tarilib, hududlarning mavjud imkoniyatlarini ishga solish, yangi turistik maskanlarni tashkil etish, xizmatlar sifatini oshirish va sayyohlar uchun qulay muhit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bir vaqtlar asosan sanoat va konchilik salohiyati bilan tanilgan viloyatimiz bugun o‘ziga xos tabiati, tarixiy-madaniy merosi, cho‘l landshaftlari va zamonaviy turistik infratuzilmasi bilan ham sayyohlar e’tiborini tortayotgan hududga aylanmoqda. Bu esa turizm sohasida yaratilayotgan imkoniyatlar, tadbirkorlik tashabbuslarining qo‘llab-quvvatlanayotgani va hududlarni kompleks rivojlantirishga qaratilgan islohotlarning amaliy samarasidir.
Navoiydagi turizm taraqqiyotini faqat shaharlardagi mehmonxonalar bilan bog‘lab bo‘lmaydi. Viloyatning tabiiy va geografik o‘ziga xosligi qishloq, ovul va cho‘l hududlarida turizmning yangi shakllarini rivojlantirish uchun katta imkoniyat yaratmoqda.
So‘nggi uch yilda viloyatda 6 ta turizm qishlog‘i tashkil etildi. 2026-yilning sakkiz oyida Nurota tumanidagi Kichiksoy va Mushkan qishloqlariga turizm qishlog‘i maqomi berildi. Xatirchi tumanining Langar va Angidon qishloqlariga sayyohlar oqimi 9-10 barobarga oshgani esa turizmning chekka hududlar iqtisodiy faolligiga ham ta’sir ko‘rsatayotganini ko‘rsatadi.
Sentob turizm qishlog‘ida 2020-yilda bor-yo‘g‘i 2 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugun ularning soni 70 tadan oshdi. Qishloqning Jahon turizm tashkiloti – UNWTO tomonidan “Butunjahon turizm qishloqlari” ro‘yxatiga kiritilgani uning xalqaro sayyohlik salohiyatini yanada oshirdi.
Viloyatning Konimex va Nurota tumanlarining cho‘lli hududlarida 9 ta o‘tovli lager ishlab, bir vaqtning o‘zida 900 nafar turistga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Ular yiliga 50 ming nafar xorijiy sayyohni qabul qilish salohiyatiga ega. Talab yuqoriligi sababli 2026-yil uchun o‘tovli lagerlar xorijiy turistlar tomonidan to‘liq band qilingan.
[gallery-31473]
Yil yakuniga qadar Konimex tumanidan 100 kilometr olisda joylashgan Yangiqazg‘an ovulida safari turizmini rivojlantirish va hududni “turizm ovuli”ga aylantirish rejalashtirilgan. 2026-yilda bu yerga 25 ming nafar xorijiy sayyoh kelishi kutilmoqda. Shuningdek, “Qizilqum Safari” MCHJ va “Sputnik Navoiy” MCHJga respublikada birinchilardan bo‘lib “Turizm klasteri” maqomi berilgani sohada xizmatlarni o‘zaro bog‘liq holda tashkil etish va yangi turistik mahsulotlarni shakllantirishga zamin yaratmoqda.
Ochiq muloqotda mehmonxona sohasi vakillari bilan doimiy hamkorlikni kuchaytirish, ularning murojaat va takliflarini tizimli o‘rganish, aniqlangan muammolarni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish bo‘yicha kelishib olindi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari