Axsikent Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi a’zolarida katta taassurot qoldirdi
To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan, miloddan avvalgi III asrga borib taqaladigan Axsikent yodgorligiga tashrif mehmonlarning hayratiga sabab bo‘ldi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar boshchiligidagi Gretsiya, Finlyandiya, Ruminiya, Slovakiya, Latviya, Bolgariya, Ispaniya va Polsha davlatlarining elchilari hamda diplomatik vakolatxonalari vakillaridan iborat delegatsiya Namanganga tashrifi chog‘ida viloyatning tarixiy maskanlari – moddiy-madaniy meros ob’ektlarida ham bo‘ldi.

Qadimgi Farg‘ona davlatining poytaxti, Buyuk ipak yo‘lining asosiy shaharlaridan biri hisoblangan, umumiy maydoni 139 gektar bo‘lgan Axsikent yodgorligida bugungi kunda O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi va ko‘rsatmalari asosida to‘qqizta ochiq osmon muzeyi qurilmoqda. Hozirga qadar ramziy darvoza, mudofa devori, eksponatlar muzeyi va antik-maydoncha bitkazildi.

Uch ming yillik moziydan sado beruvchi ushbu tarixiy qadamjoda amalga oshirilga ishlar Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi a’zolarida katta taassurot qoldirdi. Diplomat Toyvo Klaar Axsikentning dunyo tamaddunidagi o‘rni alohida ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

Mehmonlarga hamrohlik qilgan Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Xondamir Oxunboboyev yirik turizm markazi barpo etilayotgan Axsikentdagi mazkur megaloyiha rivojida xalqaro hamkorlik juda zarur ekanligini qayd qildi.

Shuningdek, Axsikent arxeologik parki tarkibidagi Yangi Axsi majmuasida saqlanayotgan 4 mingdan ziyod nodir kitoblar, 10 mingga yaqin artefaktlar jamlangan muzeyga tashrif ham konstruktiv muloqotlarga boy bo‘ldi.

Axsikent nafaqat arxeoturizm va ochiq osmon muzeylari tarmog‘i, balki katta xalqaro ilmiy tadqiqot markaziga aylanishi imkoniyatiga ega ekanligi alohida aytib o‘tildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.