Mebelsozlik sohasidagi eng so‘nggi yechimlar namoyish etiladi
Ertaga, 28-aprel kuni “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida “Ishlab chiqarish texnologiyalari. Yog‘ochsozlik. Mebel va butlovchi qismlar - WoodTech & MebelExpo Uzbekistan-2026” 22-xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshlaydi.
13 mamlakatdan 127 ta kompaniya ishtiroki kutilayotgan ushbu ko‘rgazma yog‘ochsozlik, mebel sanoati, butlovchi qismlar va interer dizayni uchun texnologik yechimlar sohasidagi yetakchi ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar hamda mutaxassislarni bir maydonga jamlaydi.
Ko‘rgazma doirasida eng zamonaviy yog‘ochga ishlov berish dastgohlari, uskuna va asboblar, mebel ishlab chiqarish uchun materiallar, xomashyo va butlovchi qismlar, shuningdek, uy va ofis intererlari uchun tayyor mebel namunalari namoyish etiladi.
“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bosh direktori Nigora Hasanovaning ta’kidlashicha, bu yilgi ko‘rgazmada mebel kimyoviy moddalari sektori ham alohida bo‘lim sifatida keng yoritiladi. Unda yelimlar, laklar va bo‘yoqlar yorqin hamda zamonaviy formatda namoyish etiladi.
– Yog‘ochga ishlov berish uskunalari, mashinalari va asboblari dilerlari hamda distribyutorlari sohadagi eng so‘nggi texnologik ishlanmalarni taqdim etadi. Ko‘rgazmada mahalliy va xalqaro ishlab chiqaruvchilar tomonidan namoyish etiladigan mebellar har qanday intererni uyg‘un to‘ldirib, uy va ofislarda shinam hamda qulay muhit yaratishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, mazkur tadbir sanoat mutaxassislari o‘rtasida samarali muloqotni rivojlantirish, mahalliy mebel ishlab chiqaruvchi korxonalarni jahonning yetakchi kompaniyalari mahsulotlari bilan jihozlash va modernizatsiya qilish, talab yuqori bo‘lgan xomashyo hamda materiallar bilan ta’minlash imkonini beradi. Bu esa mebel mahsulotlari sifati, ekologik tozaligi va turlarini oshirish, shuningdek, ularning ichki va xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini kuchaytiradi, – dedi N.Hasanova.
N.Ziyodullayeva, O‘zA