FinTech xakatoni yoshlarning innovatsion g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda
FOTOREPORTAJ
Keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish, ularning intellektual va innovatsion salohiyatini rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi. Ayniqsa, raqamli iqtisodiyot sharoitida yoshlarni zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan ta’minlash, ularni ilg‘or texnologiyalarni egallashga yo‘naltirish hamda startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda “Yangi O‘zbekiston” universiteti tomonidan tashkil etilgan FinTech yo‘nalishidagi xakaton yoshlarning innovatsion g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiluvchi muhim maydonga aylandi.
[gallery-29024]
Bugungi kunda moliyaviy texnologiyalar — FinTech sohasi jahon miqyosida jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. U bank xizmatlari, to‘lov tizimlari, raqamli platformalar va innovatsion moliyaviy mahsulotlarni qamrab olgan holda iqtisodiyotning turli tarmoqlariga chuqur kirib bormoqda. Shu bois mazkur sohada malakali kadrlar tayyorlash, yoshlarni ushbu yo‘nalishga keng jalb etish hamda ularning startap g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur xakaton aynan shu maqsad yo‘lida innovatsion fikrlaydigan yoshlarni birlashtirish, ularning ilg‘or g‘oyalarini amaliyotga yo‘naltirish va qo‘llab-quvvatlash uchun tashkil etildi. Tadbir ishtirokchilarning zamonaviy texnologiyalar, xususan, sun’iy intellekt asosida yechimlar ishlab chiqish ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularni real biznes muhiti bilan uyg‘unlashtirish hamda startap ekotizimiga jalb etishga qaratildi.
Dastur doirasida panel muhokamalari, texnik yo‘riqnomalar, mini-vorkshoplar hamda bir necha bosqichli amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Bu jarayonlarda ishtirokchilar qisqa vaqt ichida o‘z g‘oyalarini ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish va takomillashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Qatnashchilar 48 soat davomida jamoalar shaklida ish olib borib, sun’iy intellekt asosida innovatsion yechimlar ishlab chiqdi. Tajribali mentorlar ko‘magida tayyorlangan loyihalar yakuniy taqdimotda investorlar va soha mutaxassislari e’tiboriga havola etildi. Bu esa yoshlarda texnik bilimlar bilan birga jamoaviy ishlash, muammolarga yechim topish va loyihani samarali taqdim etish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi.
Tadbir yakunida eng yaxshi deb topilgan jamoalar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, g‘oliblar joriy yil yozida o‘tkaziladigan “Idrock Startup Accelerator” dasturining saralash bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Mazkur xakaton yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda mamlakatimizda FinTech yo‘nalishidagi startaplar rivojini jadallashtirishga xizmat qiluvchi muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi.
Kamola Yusupova, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA