MCHJlarning filiallarini ochish tartiblari belgilanmoqda
Qonun loyihasiga sharh
Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu sohada turli mas’uliyati cheklangan jamiyatlar faoliyat yuritmoqda. Tahlillarga ko‘ra, amaldagi “Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida”gi qonunni yanada takomillashtirish va bu borada zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy etish zarurati mavjud.

Shundan kelib chiqib, mas’uliyati cheklangan jamiyatlar faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilib, parlament quyi palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi. Mazkur qonun loyihasi haqida deputat Dilmurod Ismoilov batafsil so‘zlab berdi:
– Amaldagi qonunchilikka muvofiq MCHJ ishtirokchilarining korporativ shartnomalar tuzish huquqi, jamiyatning filiali va vakolatxonalarini ochish tartibi, jamiyat ishtirokchilari o‘rtasidagi nizoli vaziyatni hal etishning muqobil usullari mediatsiya yoki hakamlik sudi tartibida hal etish belgilanmagan. Shuningdek, jamiyat kuzatuv kengashi a’zolarini saylash va kuzatuv kengashi qarorlarini qabul qilish hamda jamiyatni boshqaruvchi ijro organlari majburiyatlariga doir ayrim huquqiy bo‘shliqlar va noaniqliklar mavjud.
Yangi qonun loyihasida mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning faoliyatini yanada takomillashtirish, mavjud huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirish, sohaga rivojlangan davlatlarning tajribasini joriy qilishga oid huquqiy normalar aks etmoqda. Loyihada jamiyat nafaqat litsenziya, balki boshqa ruxsat etuvchi hujjatlar va xabardor qilish tartibida faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi mumkinligi, shuningdek, jamiyatlarning filial va vakolatxonalarini ochish tartiblari belgilanmoqda.
Bundan tashqari, jamiyat ishtirokchilariga o‘z korporativ huquqlarini amalga oshirish to‘g‘risida korporativ shartnomalar tuzish huquqi berilmoqda. Jamiyat ishtirokchilari o‘rtasidagi nizoli vaziyat mediatsiya yoki hakamlik sudi tartibida ham hal etilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Jamiyat kuzatuv kengashining qarorlari sirtdan ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinishi mumkin. Shuningdek, ustav fondidagi ulushni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi bitim oddiy yozma shaklda amalga oshirilishi mumkinligi, bunda jamiyat ishtirokchilarining huquqlarini kafolatli himoya qilishga qaratilgan normalar belgilanmoqda. Yana bir muhim jihati, jamiyatda ozchilik ulushini tashkil qiluvchi ishtirokchilarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan yangi normalar o‘z aksini topmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi jamiyat ishtirokchilari huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlarini yanada mustahkamlashga, jamiyat faoliyatida zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy etishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA