Samarqanddagi simpoziumda Sh.Nurullayeva O‘zbekiston-Xitoy hamkorligining asosiy yo‘nalishlarini ta’kidlab o‘tdi
Joriy yilning 2-aprel kuni Samarqand shahrida “Xitoy – Markaziy Osiyo” taraqqiyot bo‘yicha bilimlar tarmog‘i simpoziumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Xitoyning Xalqaro taraqqiyot bilimlari markazi (CIKD) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Simpoziumda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Xitoyning ekspert va tahliliy hamjamiyati, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorligi (CAREC) instituti vakillari ishtirok etdi.
Simpozium doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori o‘rinbosari Shafoat Nurullayeva “Zamonaviy global sharoitlarda rivojlanishning dolzarb masalalari va imkoniyatlari” mavzusida ma’ruza qildi. U jahon taraqqiyotining hozirgi bosqichi chuqur tarkibiy o‘zgarishlar, geosiyosiy keskinlikning kuchayishi hamda global iqtisodiyotning parchalanishi bilan tavsiflanishini ta’kidlab o‘tdi.
Bunday sharoitda iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik tobora ko‘proq raqobat kurashi vositasi xususiyatlariga ega bo‘lib bormoqda, global ta’minot zanjirlari va texnologik aloqalar esa sezilarli o‘zgarishlarga uchramoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, geoiqtisodiy, texnologik va iqlim omillari majmuasi davlatlar uchun nafaqat moslashish, balki ilg‘or rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish qobiliyatini talab qiladigan o‘zaro bog‘liq muammolar majmuasini shakllantiradi.Shu bilan birga, institutlarning sifati va rivojlanishni strategik boshqarish raqobatbardoshlikning asosiy omiliga aylanadi.
SMTI direktori o‘rinbosari ta’kidlaganidek, rivojlanayotgan mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston uchun ushbu jarayonlar texnologik va institutsional tafovutning kuchayish xavfi bilan birga kechmoqda, bu esa ob’ektiv ravishda izchil va ilmiy asoslangan davlat siyosatini olib borishni talab qiladi.
O‘zbekiston barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, aholi farovonligini oshirish va iqtisodiyotning raqobatbardoshligini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar dasturini izchil amalga oshirmoqda. So‘nggi yillarda sezilarli natijalarga erishildi: iqtisodiyot hajmi 140 milliard dollardan oshdi, investitsiyalar oqimi yalpi ichki mahsulotning qariyb uchdan bir qismini tashkil etdi, tashqi savdo chorak baravar o‘sdi, oltin-valyuta zaxiralari 60 milliard dollardan oshdi, ishsizlik darajasi 5 foizgacha kamaydi, 1,5 milliondan ortiq kishi kambag‘allikdan chiqarildi.
O‘zbekistonni daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan mamlakatlar toifasiga o‘tishini ta’minlash, shuningdek, 2030-yilga borib yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolgan holda milliy iqtisodiyot ko‘lamini sezilarli darajada oshirish vazifasi qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Murojaatnomasida ichki salohiyat va xalqaro imkoniyatlardan samarali foydalanishga asoslangan o‘z taraqqiyot modelini shakllantirish zarurligi ta’kidlangan.
Bu borada O‘zbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy sherigi, eng yirik investorlaridan biri va ilg‘or texnologiyalarning muhim manbai bo‘lgan Xitoy tajribasi alohida ahamiyat kasb etadi. Xitoyning 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan 15-besh yillik dasturida belgilangan taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlari ko‘p jihatdan O‘zbekistonning innovatsion rivojlanish, "yashil" transformatsiya, texnologik mustaqillikni oshirish va barqaror o‘sishni ta’minlash borasidagi vazifalariga hamohang ekani ta’kidlandi.
Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston-Xitoy hamkorligini yanada chuqurlashtirishning muhim yo‘nalishlari belgilab olindi. Yuqori qo‘shilgan qiymatli ishlab chiqarishlarga o‘tish bilan sanoat va texnologik kooperatsiyani rivojlantirish, transport-logistika bog‘liqligini mustahkamlash, shu jumladan "Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston" temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish, sun’iy intellekt va katta ma’lumotlar texnologiyalari asosida raqamli transformatsiyani jadallashtirish, "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish, ta’lim va ilm-fan orqali inson kapitaliga investitsiyalar kiritish shular jumlasidan.
Bu nafaqat zamonaviy global tahdidlarga samarali javob berish, balki yaqin kelajakda mintaqaning barqaror va muvozanatli rivojlanishini ta’minlash uchun sharoit yaratadi.
O‘zA