Matonatli shaxmatchilarimiz jahon chempionatida qatnashmoqda
Shu kunlarda Fransiyada shaxmat bo‘yicha ko‘zi ojizlar, zaif ko‘ruvchi yoshlar va ayollar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda.
Chempionatda ayollar o‘rtasida 18 ta davlatdan 26 nafar, yoshlar o‘rtasida esa 13 ta davlatdan 13 nafar shaxmatchi g‘oliblik uchun dona surmoqda.
Bu haqda Sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. Murosasiz bahslarda mamlakatimiz sharafini Ahadxon Kimsanboyev hamda Durdona Jumanova himoya qilmoqda.

Birinchi turda Kimsanboyev shvetsiyalik Toga Joxadson, Jumanova portugaliyalik Jozefa Spaychela ustidan g‘alaba qozondi. 2-tur bahslarida Ahadxon polshalik Michal Rakisga qarshi dona surdi va durang natija qayd etdi. Durdona indoneziyalik Tita Puspitaga qarshi “aql jangi”ni olib bordi, ammo omad kulib boqmadi.
3-turda Kimsanboyev ispaniyalik San Xuan Santin Aronga qarshi, Jumanova esa kolumbiyalik Franko Perrizga qarshi dona suradi.
Shaxmat bo‘yicha ko‘zi ojizlar va zaif ko‘ruvchi yoshlar va ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati 17 iyulga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA