Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tashki siyosat ichki farovonligimiz asosidir
Prezidentimiz tomonidan keyingi yillarda olib borilgan oqilona siyosat tufayli yangi O‘zbekiston rivojlangan mamlakatlar qatoridan joy olmoqda.
Bu esa mamlakatimizning barqarorligini ta’minlashga, tinchlik osoyishtalikni asrashga, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga bo‘lgan ezgu qadamlar natijasidir. O‘zbekiston o‘zining tinchlik uchun olib borayotgan siyosatida xarbiy bloklarga aralashmasligi, xarbiy kuchlarga qo‘shilmasdan olib borayotgan tinchliksevar siyosati yurtimiz tinchligiga asos bo‘lmoqda.
YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan oltita muhim tashabbus ilgari surildi.
Birinchidan, Prezidentimiz inklyuziv ta’limni rivojlantirish va sohada sun’iy intellekt texnologiyalarini keng qo‘llash bugungi kunning dolzarb vazifasiga aylanganini ta’kidladilar
Inklyuziv ta’limni rivojlantirish va har bir bolaga jismoniy yoki ijtimoiy imkoniyatlaridan qat’i nazar teng ta’lim olish sharoitini yaratish — bu faqat gumanizm tamoyili, balki barqaror rivojlanishning muhim omilidir. YUNESKO ning inklyuziv ta’lim platformasi orqali tajriba almashish va yangi yechimlar ishlab chiqish imkoniyati bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshiradi.
Shu bilan birga, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, sun’iy intellektni ta’lim tizimiga joriy etish orqali zamonaviy, kreativ va raqobatbardosh avlodni tarbiyalash imkoni yaratiladi. “Sun’iy intellekt – maktab” namunaviy loyihasi hamda YUNESKO shafeligida Sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha xalqaro anjuman tashkil etish taklifi mamlakatimizning ilmiy va ta’lim sohasidagi global tashabbuskorlik salohiyatini ko‘rsatadi. Bu takliflar nafaqat milliy ta’lim tizimini rivojlantiradi, balki O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini ham mustahkamlaydi.
Prezidentimiz tomonidan jahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish taklifi ilgari surildi. Bu esa o‘z o‘rnida ta’lim soxasida bilim va tajriba almashish uchun muloqot maydonini yaratadi.
Ikkinchidan, insoniyatning bebaho xazinasi bo‘lgan jahon nomoddiy madaniy merosini asrab-avaylash yo‘lida hamkorlikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Prezidentimiz xalq og‘zaki ijodi, qo‘lyozmalar, tarixiy hujjatlar va arxivlarni saqlash hamda ular ochiqligini ta’minlash maqsadida YUNESKOning “Jahon xotirasi” dasturini rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar. Ushbu dastur yaratilgan sanani har yili nishonlash maqsadida 19-noyabrni “Hujjatli meros xalqaro kuni” deb e’lon qilish, shuningdek, YUNESKO tuzilmasida Raqamli meros bo‘yicha xalqaro institut tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Qadimiy Buxoro shahri hunarmandchilik bo‘yicha YUNESKO Ijodkor shaharlar tarmog‘ining a’zosi ekanligi qayd etilib, 2027 yilda shu yo‘nalishda xalqaro kongressni Buxoroda o‘tkazish taklifini berdilar.
Uchinchidan, ayollar yetakchilik qobiliyati va kompetensiyasini oshirish masalasiga e’tibor qaratildi. YUNESKO statistika institutining ma’lumotlariga ko‘ra, jahon miqyosida ilmiy va madaniy muassasalar rahbarlarining 25 foizi, ta’lim sohasi boshqaruvchilarining 30 foizi, tadqiqotchilarning 33 foizi ayollar hissasiga to‘g‘ri kelayotganini keltirib o‘tgan Prezidentimiz ayollar huquqlarini ta’minlashda, afsuski, tengsizlik hamon saqlanib qolayotganligini ta’kidladilar.
Shu munosabat bilan gender tengligi YUNESKO faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida mustahkamlanishi lozimligini qayd etdilar. Shuningdek, ayollar yetakchiligi bo‘yicha YUNESKO akademiyasini tashkil etish, Samarkand shahrida barcha qit’alarning mashhur tadqiqotchilari, san’at namoyandalari, pedagog va ixtirochi xotin-qizlarning Ta’lim, madaniyat va fan sohasidagi global forumini o‘tkazish taklifini ilgari surdi.
To‘rtinchidan, Prezidentimiz iqlim inqiroziga qarshi birgalikda samarali kurashish zarurligini alohida ta’kidladilar. Iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish, tuproq yemirilishi kabi omillar madaniy meros ob’ektlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini qayd etib, “YUNESKOning Ekologik poytaxti” global tashabbusini ilgari surdi. Shuningdek, YUNESKO Ijroiya kengashining “Globallashuv va iqlim o‘zgarishlari sharoitida madaniy merosni asrab-avaylash bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish to‘g‘risida”ga oid rezolyutsiyasini ishlab chiqish va bu masalada Xiva shahrida xalqaro simpozium o‘tkazish taklifi berildi.
Shu o‘rinda, davlatimiz rahbarining Orol mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish taklifi ilgari surilganligi, “Orol chekinsa ham, inson chekinmaydi” degan ezgu g‘oya asosida sahro bo‘lib qolgan orolda hayot qaynayotganligini alohida e’tirof etishimiz kerak. Qurib yotgan sahro atrofida saksovullarning ekilishi natijasida yashil hudud paydo bo‘lganligi, aholi asosiy muammo bo‘lib kelgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganligi, bu yerdagi obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarining olib borayotganligini alohida takidlash lozim.
Beshinchidan, Prezidentimiz virtual makonda noxolis axborotlar tarqatish, jamoatchilik fikrini chalg‘itish, diskriminatsiyaga qarshi birgalikda samarali choralar ko‘rish masalasiga to‘xtaldilar.
Yoshlarning dunyoqarashi raqamli muhitda shakllanayotganini inobatga olib, Bolalar madaniy kontenti xalqaro festivalini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdilar. Shuningdek, yoshlarni manipulyatsiyadan himoya qilish va axborot shaffofligini ta’minlash maqsadida YUNESKOning media savodxonlikni rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli strategiyasini ishlab chiqish zarurligini qayd etdilar.
Oltinchidan, Prezidentimiz dunyoda dinlararo ziddiyatlar tobora kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda bag‘rikenglik, o‘zaro tushunish va totuvlik kabi umuminsoniy g‘oyalarni keng targ‘ib etish zururligini alohida ta’kidladi.
Islom madaniyati va ma’rifatini dunyoga tanitish orqali radikalizm va islomofobiyaga qarshi samarali kurashish mumkinligi, bu borada O‘zbekistonda amalga oshirilgan noyob loyihalar Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband tadqiqot markazlari salohiyatidan birgalikda foydalanishga chaqirdi.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning YUNESKOning 43-sessiyasidagi nutqi zamonaviy dunyodagi eng muhim global masalalarga — ta’limda tenglik va innovatsiyalar, axborot xavfsizligi, dinlararo bag‘rikenglik hamda umuminsoniy hamjihatlikni mustahkamlash kabi yo‘nalishlarga chuqur yondashuvni namoyon etdi. Bu tashabbuslar nafaqat O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yanada yuksaltirishi, balki barqaror rivojlanish, tinchlik va ma’rifat g‘oyalarini jahon miqyosida ilgari surishga katta hissa qo‘shishi shubhasiz.
Aysha Matniyazova,
Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi
Ellikqal’a tuman bo‘linmasi rahbari
O‘zA