Legionerlarimiz bugun maydonga tushadi: Ashurmatov va Masharipov Eronda, Karimov Shveytsariyada
Bugun uch nafar futbolchimiz maydonga tushishi mumkin.
Bugun, 6-sentabr kuni xorij chempionatlarida to‘p tepayotgan o‘zbekistonlik futbolchilar ishtirokidagi ikkita uchrashuv bo‘lib o‘tadi.
Eron Pro ligasining 6-turida Rustam Ashurmatov va Jaloliddin Masharipov to‘p tepayotgan “Istiqlol” safarda “Aluminium Arak” mehmoni bo‘ladi. Ashurmatov “Istiqlol”ning avvalgi “Persepolis”ga qarshi uchrashuvida 90 daqiqa harakat qilgan. Masharipov ham “Istiqlol”ning asosiy tarkib futbolchilaridan biri hisoblanadi.
“Istiqlol” va “Aluminium Arak” mavsumni mag‘lubiyatsiz davom ettirmoqda. Shu bois bugungi uchrashuv turnir jadvalining yuqori pog‘onalari uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Shveytsariya Superligasida esa Behruz Karimovning “Lugano”si safarda “Bazel”ga qarshi bahs olib boradi. Karimov “Lugano”ning avvalgi uchrashuvida ilk bor asosiy tarkibdan joy olib, 67 daqiqa maydonda harakat qilgan.