Korxona va tashkilotlar xodimlari hamda yoshlar “Zakovat”da bellashdi
Navoiy shahridagi “So‘g‘diyona” jismoniy tarbiya va sport saroyida O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tizimidagi korxona va tashkilotlar xodimlari hamda yoshlari o‘rtasida “Zakovat” intellektual musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab ishtirokchilar “NKMK tarixi” muzeyi faoliyati bilan tanishdi. Muzeyda arxeologik topilmalar, tog‘ jinslari namunalari, qadimgi konlar xaritalari va konchilik sohasiga oid boshqa noyob ma’lumotlar o‘rin egallagan.
Sport saroyida intellektual o‘yin avvalida Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Ural Yusupov ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.
Uchrashuv chog‘ida Ural Yusupov sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, geologiya va tog‘-kon sanoatida yosh mutaxassislar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Tadbirda yoshlar tomonidan ta’lim, ish bilan ta’minlash, amaliyot o‘tash imkoniyatlari, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash kabi dolzarb mavzularda savollar berildi. Shuningdek, faol va tashabbuskor yoshlar tomonidan bir qator takliflar ilgari surildi. Ular orasida sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, yoshlar uchun maxsus o‘quv dasturlari va o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, stajirovka va amaliyot imkoniyatlarini oshirish kabi g‘oyalar alohida e’tiborga olindi.
Barcha savollarga atroflicha javob qaytarilib, ayrim takliflar yuzasidan amaliy choralar ko‘rish belgilab olindi.
“Zakovat” intellektual musobaqasida tizimdagi 21 ta korxona va tashkilotdan 48 ta jamoa ishtirok etdi.
[gallery-28465]
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli Shimoliy kon boshqarmasining “Alfa” jamoasi 1-, Markaziy kon boshqarmasi jamoasi 2- hamda Navoiy mashinasozlik zavodining “Impuls” jamoasi 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Tashkilotchilar tomonidan barcha g‘olib va sovrindor jamoalar vakillari munosib taqdirlanib, 1-o‘rinni egallagan “Alfa” jamoasiga “Zakovat” ko‘chma kubogi topshirildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari