Mahallalarda “Mahalla muhofazasi” xizmat xonalari tashkil etiladi
Poytaxtimizda Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilganidek, ushbu hamkorlik memorandumi mahallalarda favqulodda vaziyatlarning barvaqt oldini olish va oqibatlarini kamaytirish orqali mahallalarni favqulodda vaziyatlardan muhofazalangan hududga aylantirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, tadbir davomida Prezidentimizning 2025-yil 20-oktabrdagi “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan ishonchli muhofaza qilish sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq aholini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishda profilaktik tadbirlarni “mahallabay” va “xonadonbay” tartibida amalga oshirish, aholida xavfsizlik madaniyatini oshirish hamda mahalla binolarida favqulodda vaziyatlar organlari Davlat nazorati inspektorlari uchun “Mahalla muhofazasi” xizmat xonalarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Davlat nazorati inspektorlarining "mahalla yettiligi" bilan samarali hamkorligini qo‘llab-quvvatlash va "Favqulodda vaziyatlar volontyori" jamoatchilik guruhlarini shakllantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, ushbu hamkorlik memorandumi aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan ishonchli muhofaza qilish va bu ishlar avvalo mahalladan boshlab tashkil etilishiga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA