Korrupsion jinoyatlar uchun jazo choralari kuchaytiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.
Dastlab deputatlar korrupsiyaga qarshi kurashish choralarini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.
Mas’ul deputat Davron Aripovning qayd etishicha, ushbu hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik va jazo choralarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, yoshlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishni yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilash taklif etilyapti. Xususan, Jinoyat kodeksining sakkizinchi bo‘limi korrupsiyaga oid jinoyatlar atamasi bilan to‘ldirilib, u bilan 19 ta turdagi jinoiy qilmishlar korrupsiyaga oid jinoyatlar hisoblanishi belgilanmoqda.
[gallery-28752]
Jinoyat kodeksi esa o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilganlik, firibgarlik uchun hukm qilingan va jinoyat tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplamagan shaxs jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinmasligi va jazo yengillashtirilmasligini nazarda tutuvchi norma bilan to‘ldirilmoqda. Aynan firibgarlik jinoyati bilan aziyat chekayotgan fuqarolar soni ko‘payayotgani va ularning taklifi bilan bu bo‘yicha jazoni yengillashtirmaslik mustahkamlanayotgani ta’kidlandi.
Xuddi shunday qoida takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan yoxud juda ko‘p miqdorda pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilganlik uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan ham tatbiq etilishi belgilanyapti.
O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish va firibgarlik harakatlarini mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan yoki xizmat mavqeidan foydalanib sodir etish jinoyati uchun ham javobgarlik choralari og‘irlashtirilmoqda.
Sport musobaqalarining ishtirokchi va tashkilotchilarini pora yo‘li bilan og‘dirishga oid jinoyatlar ham korrupsion jinoyat turiga kiritilmoqda. Poraxo‘rlik bilan bog‘liq jinoyatlar uchun jazo choralari ham qayta ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, loyihada korrupsion huquqbuzarliklarning profilaktikasiga oid masalalarga e’tibor qaratilgan. Madaniyat organlarida korrupsiyaga qarshi murosasiz muhitni qaror toptirishga qaratilgan choralar belgilanmoqda.
Korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish va himoya qilishning huquqiy kafolatlarini kuchaytirish maqsadida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunda korrupsiyaga oid jinoyat to‘g‘risida asosli xabar bergan shaxsga nisbatan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini oldindan xabardor etmagan holda, ikki yil davomida intizomiy jazo choralarini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmasligi ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarda halollik tuyg‘usini shakllantirish, ularni qonunlarni hurmat ruhida tarbiyalash masalalari ham nazarda tutilmoqda.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasi korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikni takomillashtirib, jinoyatlarning oldini olishga xizmat qiladi. Moddama-modda muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA