Davlat xizmatida samarali HR-boshqaruvi: ilg‘or amaliyotlar, raqamli ekotizim va talant menejmenti
Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, inson kapitalini rivojlantirish hamda davlat xizmatini xalqaro standartlar asosida takomillashtirishda inson resurslarini boshqarish (HR) bo‘linmalari muhim strategik o‘rin tutadi. Mazkur bo‘linmalar nafaqat kadrlar bilan bog‘liq jarayonlarni boshqaradi, balki tashkilotning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini shakllantirish, xodimlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va mehnat samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi muhim bo‘g‘in hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamkorligida BMT Davlat xizmati kuni munosabati bilan vazirlik va idoralarning inson resurslarini boshqarish bo‘linmalari rahbarlari uchun maxsus seminar-trening tashkil etildi.

Tadbirning asosiy maqsadi — inson resurslarini boshqarish bo‘linmalari rahbarlarining kasbiy kompetensiyalarini milliy va xalqaro ilg‘or tajribalar asosida rivojlantirish, zamonaviy HR-menejment hamda People Analytics yondashuvlarini davlat xizmatiga joriy etish orqali inson kapitalidan samarali foydalanish mexanizmlarini takomillashtirishdan iborat.

Seminar dasturidan quyidagi dolzarb yo‘nalishlar o‘rin oldi: Kelajak mehnat bozori va davlat xizmatida talant menejmenti: xalqaro tendensiyalar va ilg‘or tajribalar;
Davlat xizmatida zamonaviy HR-boshqaruv yondashuvlarini qo‘llash: xorijiy tajriba asosida inson kapitalini rivojlantirish mexanizmlari;
Xususiy sektordagi HR-strategiyalar: biznes natijadorligi va xodimlar samaradorligini uyg‘unlashtirish.

Avval xabar berilganidek, Agentlik davlat organlari va xususiy sektor o‘rtasida samarali sheriklikni rivojlantirish, xususiy sektordagi eng ilg‘or tajribalarni davlat xizmatida joriy etishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, bugun tashkil etilgan seminar davomida ham “Franklin Templeton Investments, Inc.”, “Beeline Uzbekistan”, “Smart Solutions Ltd.” kompaniyalarining inson resurslarini boshqarish sohasiga oid tajribalari taqdimot tashkil iqilindi.

Treningning amaliy qismi doirasida ishtirokchilar Toshkent shahridagi IT Park Uzbekistan faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Unda hrm.gov.uz platformasi doirasida joriy etilayotgan yangi modul – kadrlarni tanlash jarayonida innovatsion yechimlardan foydalanish imkoniyatlari taqdim etildi.
Mazkur yechimlar davlat xizmatida HR-jarayonlarni raqamlashtirish, tanlov jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash, kompetensiyaga asoslangan saralash tizimini rivojlantirish hamda boshqaruv samaradorligini oshirishga qaratilgan.

Shuningdek, ishtirokchilar IT Park infratuzilmasi, startaplar ekotizimi, GovTech va HR Tech yo‘nalishlaridagi raqamli loyihalar, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan innovatsion tashabbuslar bilan tanishdilar.
Mazkur tajriba davlat HR tizimida innovatsion boshqaruv yechimlarini keng joriy etish, raqamli vositalardan samarali foydalanish va inson resurslarini boshqarish sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.



O‘zA