Konstruktorlar kengashi – innovatsion taraqqiyotning muhim omili
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish, mahalliylashtirish darajasini oshirish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda ilm-fan yutuqlarini amaliyotga keng joriy etishga qaratilgan. Bu jarayonda konstruktorlik maktablari va innovatsion g‘oyalar iqtisodiyot taraqqiyotining muhim harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda.
Prezidentimiz tomonidan belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ham intellektual salohiyatni qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli muhandislarni rag‘batlantirish hamda ularning ilmiy-texnik ishlanmalarini ishlab chiqarishga keng tatbiq etish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday muhim tashabbuslardan biri Konstruktorlar kengashining tashkil etilganidir.
Mazkur kengash bir yil avval kombinatdagi konstruktorlik faoliyatini muvofiqlashtirish, mutaxassislar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida tashkil etilgan edi. Bugungi kunda u nafaqat maslahat organi, balki muhandis-konstruktorlarni birlashtiruvchi va ularning intellektual imkoniyatlarini yuzaga chiqaruvchi samarali maydonga aylandi.
– Konstruktor – bu shunchaki chizma chizuvchi mutaxassis emas. U yangi texnika, mexanizm va texnologik yechimlarni yaratuvchi, g‘oyani amaliy mahsulotga aylantiruvchi muhandisdir. Zamonaviy sanoatning raqobatbardoshligi, mahsulot sifati va iqtisodiy samaradorligi ko‘p jihatdan aynan konstruktorlarning bilim va mahoratiga bog‘liq, – deydi “NKMK” AJ Konstruktorlar kengashi raisi Karimjon Abdullayev. – Navoiy kon-metallurgiya kombinatida bu sohada mustahkam maktab shakllangan. Markaziy konstruktorlik byurosi hamda tarkibiy bo‘linmalarda 100 nafardan ortiq yuqori malakali muhandis-konstruktor mehnat qilmoqda. Jumladan, Navoiy mashinasozlik zavodida 35 nafardan ziyod kreativ fikrlaydigan konstruktorlar yangi texnik ishlanmalar ustida samarali izlanishlar olib bormoqda. Biroq ishlab chiqarish quvvatlari mamlakatimizning turli hududlarida joylashgani sababli konstruktorlar o‘rtasida doimiy hamkorlik mexanizmini yo‘lga qo‘yish zarurati paydo bo‘lgan edi. Konstruktorlar kengashi aynan shu ehtiyojdan kelib chiqqan holda tashkil etildi. Endi Uchquduqdagi muhandis Marjonbuloqdagi hamkasbi bilan tajriba almashish, birgalikda muammolarni muhokama qilish va innovatsion yechimlar ishlab chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

2025-yil 19-sentabrda kengashning Nizomi tasdiqlanib, tarkibiga 16 nafar eng malakali mutaxassis kiritildi. Shuningdek, turli yo‘nalishlar bo‘yicha to‘qqizta loyihalash guruhi tashkil etildi. Ular har bir loyihani uning ilmiy asoslanganligi, innovatsionligi, iqtisodiy samaradorligi, ijtimoiy va ekologik ahamiyati bo‘yicha baholab, ishlab chiqarishga tavsiya etish bilan shug‘ullanmoqda.
Kengash faoliyatining eng muhim jihatlaridan biri shundaki, yig‘ilishlar ishlab chiqarish maydonlarida texnologlar, mexaniklar, energetiklar va boshqa tajribali mutaxassislar ishtirokida o‘tkazilmoqda. Bu esa mavjud muammolarni joyida o‘rganish va tezkor yechimlar qabul qilish imkonini bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2018-2025-yillar davomida yosh muhandis va mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan 1432 ta ratsionalizatorlik taklifi ishlab chiqarishga joriy qilinib, natijada 586,9 milliard so‘m iqtisodiy samaradorlikka erishildi.
Ayniqsa, “Eng yaxshi ratsionalizatorlik taklifi” tanlovining an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgani o‘z samarasini bermoqda. Tanlov g‘oliblari orasida tajribali muhandis-konstruktorlar bilan birga o‘rta maxsus ma’lumotli iqtidorli yoshlarning ham borligi sohada kadrlar zaxirasi mustahkam ekanini ko‘rsatmoqda.

Bugungi kunda sun’iy intellekt, raqamlashtirish, robototexnika, avtomatlashtirish va 3D modellashtirish jadal rivojlanayotgan davrda Konstruktorlar kengashi ushbu yo‘nalishlarda yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, mahalliylashtirilgan va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqish hamda ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, kengash yosh mutaxassislarni kashf etish, ularning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va munosib rag‘batlantirishga ham alohida e’tibor qaratayotir. Yaqinda istiqbolli loyihalar muallifi bo‘lgan o‘n uch nafar muhandisning taqdirlangani bunga yaqqol misoldir. Bu kabi e’tirof va rag‘bat yangi g‘oyalar tug‘ilishiga, muhandislarning izlanishlarini yanada faollashtirishga xizmat qilmoqda.
Eng muhimi, Konstruktorlar kengashi korxonaning raqobatbardoshligini oshiruvchi va innovatsion taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan yo‘nalishga aylanib bormoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri