Islohotlarning bosh maqsadi – inson manfaati, hududlar taraqqiyoti va aholi farovonligini ta’minlashdir
Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar hududlarni kompleks rivojlantirish, investitsiyalarni faol jalb qilish, aholi farovonligini oshirish hamda iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz rahbarligida har bir viloyatning ichki imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, raqobatbardosh ishlab chiqarishni kengaytirish, xizmatlar sohasini rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish va inson kapitaliga sarmoya kiritishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar o‘zining amaliy samarasini bermoqda.
Navoiy viloyatining 2026-yil birinchi yarim yilligidagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish natijalari buning yaqqol tasdig‘idir.
O‘tgan davrda viloyatning yalpi hududiy mahsuloti 113,9 trillion so‘mga yetkazilib, iqtisodiy o‘sish sur’ati 106,7 foizni tashkil etdi. Jumladan, sanoat sohasida 155 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, tarmoq 5,4 foizga o‘sdi. E’tiborlisi, mamlakatimizda sanoatni diversifikatsiya qilish va yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan islohotlar natijasida yengil sanoatda 130,7 foiz, mashinasozlikda 127 foiz, tog‘-kon sanoatida 117,9 foiz, mebel ishlab chiqarishda 117,2 foiz va kimyo sanoatida 104,8 foizlik o‘sishga erishildi.
Investitsiya siyosatida ham yuqori natijalar qayd etildi. Birinchi yarim yillikda asosiy kapitalga 24,3 trillion so‘m investitsiya yo‘naltirilib, o‘sish sur’ati 115,4 foizni tashkil qildi. Shu bilan birga, 907,5 million dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, belgilangan reja 138 foizga bajarildi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan investitsiyalar hajmi 264,4 million dollarga ko‘paygani Navoiy viloyatining investitsion jozibadorligi tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Eksportni ko‘paytirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. 163 ta loyiha doirasida 1,5 trillion so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarildi. Bu orqali 125 million dollar valyuta iqtisod qilinib, 40,3 million dollarlik eksport amalga oshirildi hamda 437 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Umuman, yarim yillikda viloyatning eksport hajmi 124,3 million dollarga yetkazilib, reja 113 foizga bajarildi.
Bugun iqtisodiyotning eng tez rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri xizmatlar sohasi hisoblanadi. Prezidentimiz tomonidan xizmatlar sohasini iqtisodiy o‘sish drayveriga aylantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar Navoiy viloyatida ham amaliy natija bermoqda. Hisobot davrida xizmatlar hajmi 16,1 trillion so‘mni tashkil etib, 18,9 foizga o‘sdi. Ayniqsa, me’morchilik, ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport, axborot-kommunikatsiya va mehmonxona xizmatlarida yuqori o‘sish qayd etildi. Sohada 15 ming 570 nafar aholi bandligi ta’minlandi, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun 1,4 trillion so‘m kredit ajratildi hamda 986 ta yangi xizmat ko‘rsatish sub’ekti tashkil etildi.
Turizmni iqtisodiyotning strategik tarmog‘iga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar ham o‘z samarasini bermoqda. Olti oy davomida Navoiy viloyatiga 1,9 million nafar, jumladan, 301 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi.
So‘nggi uch yilda viloyatda oltita turizm qishlog‘i tashkil etildi. Joriy yilning birinchi yarim yilligida Nurota tumanidagi Kichiksoy va Mushkan qishloqlari ham “Turizm qishlog‘i” maqomini oldi. Shuningdek, “Qizilqum Safari” va “Sputnik Navoiy” MCHJlariga respublikada birinchi bo‘lib “Turizm klasteri” maqomi berilishi hududning turizm salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Qishloq xo‘jaligida ham islohotlar izchil davom ettirildi. 9,8 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, tarmoqda 4,4 foizlik o‘sish ta’minlandi. Yangi yerlarni o‘zlashtirish, intensiv bog‘dorchilikni rivojlantirish va suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish orqali qishloq xo‘jaligida yuqori samaradorlikka erishildi. Xususan, 17,1 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar qo‘llanilishi natijasida hosildorlik 15-20 sentnerga oshirildi va 25-30 foiz suv tejaldi.
Ijtimoiy sohada ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Birinchi yarim yillikda 1 415 xonadonli 22 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirilib, 5,5 mingdan ziyod aholi yangi uy-joyga ega bo‘ldi. Shuningdek, 196 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari tortilishi hisobiga 24 ming nafar aholi birinchi marta markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi. 362,5 kilometr avtomobil yo‘llari qurildi va ta’mirlandi, uchta yangi ko‘prik barpo etildi.
Ta’lim sohasida inson kapitaliga sarmoya kiritish siyosatining amaliy natijalari yaqqol ko‘rinmoqda. Viloyatda maktabgacha ta’lim qamrovi 82,6 foizga yetdi. 50 ta maktabda qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, 6 200 ta yangi o‘quv o‘rni yaratildi. Bu esa ta’lim sifati va infratuzilmasini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Sog‘liqni saqlash sohasida ham yuqori texnologik tibbiy xizmatlar kengayib, 13 578 ta yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti bajarildi. 185 nafar bolada yuqori texnologiyali operatsiyalar o‘tkazilib, 36 nafarining nogironligi oldi olindi. Erta diagnostika dasturlari natijasida yuzlab fuqarolarda qandli diabet, yurak-qon tomir va onkologik kasalliklar ilk bosqichlarda aniqlanib, o‘z vaqtida davolash ishlari tashkil etildi. Eng muhimi, respublikaga davolanish uchun chiquvchi bemorlar oqimi 3 foizga qisqardi.
[gallery-30584]
Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Qizlarning oliy ta’lim bilan qamrovi 59,6 foizga yetdi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha Navoiy viloyati respublikada yetakchi hududlardan biriga aylandi. Uy-joyga muhtoj yuzlab xotin-qizlarga ipoteka uchun boshlang‘ich badallar ajratildi, minglab ehtiyojmand ayollar davlat mablag‘lari hisobidan tibbiy xizmatlar bilan qamrab olindi.
Eng muhimi, bugun Navoiy viloyati nafaqat mamlakatning yirik sanoat markazlaridan biri, balki innovatsiya, investitsiya va inson kapitaliga tayangan barqaror rivojlanish modeli shakllanayotgan hudud sifatida ham o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri