KONMEBOL va Kolumbiya futbol federatsiyasi zilziladan jabrlanganlarga 1 million dollar ajratdi
2026-yil 10-avgust kuni Kolumbiyaning g‘arbiy qismida 7,4 magnitudali zilzila sodir bo‘lgandi.
Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi (KONMEBOL) va Kolumbiya futbol federatsiyasi mamlakatdagi zilziladan jabrlanganlarga yordam berish uchun 1 million dollar xayriya qildi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 10-avgust kuni Kolumbiyaning g‘arbiy qismida 7,4 magnitudali zilzila sodir bo‘lgandi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida 265 kishi halok bo‘lgan, 3494 kishi jarohatlangan, 496 kishi esa bedarak yo‘qolgan.
«Bunday qayg‘uli paytlarda futbol oilasi chetda qolmasligi kerak. U birdam bo‘lib, mintaqada sportni o‘ziga xos qiladigan ijtimoiy mas’uliyat tamoyiliga amal qilishi lozim. Shu sababli har ikki tashkilot og‘ir kunlarni boshdan kechirayotgan Kolumbiya xalqiga yordam qo‘lini cho‘zish uchun kuchlarini birlashtirmoqda», — deyiladi Kolumbiya futbol federatsiyasi bayonotida.
Moliyaviy yordam birinchi xonim Ana Lusiya Pineda boshchiligidagi «Kolumbiya — yagona yurak» xayriya kampaniyasi orqali yo‘naltiriladi.
KONMEBOL va Sportchilarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi xalqaro sport hamjamiyati, klublar, hamkorlar va muxlislarni mablag‘ yig‘ish hamda zarur mahsulotlar bilan ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda davom etishga chaqirdi.