Joze Mourinyo Vinisiusni «Real»da olib qolmoqchi
Portugaliyalik mutaxassis braziliyalik futbolchining shartnomasini uzaytirish tarafdori va muzokaralarda shaxsan ishtirok etmoqda.
Madridning «Real» klubi bosh murabbiyi Joze Mourinyo hujumchi Vinisius Juniorni jamoada saqlab qolishni istamoqda.
Insayder Fabritsio Romanoning xabar berishicha, portugaliyalik mutaxassis braziliyalik futbolchining shartnomasini uzaytirish tarafdori va muzokaralarda shaxsan ishtirok etmoqda.
Qayd etilishicha, Mourinyo 26 yoshli Vinisius bilan shaxsan suhbatlashib, yangi mavsumda unga katta umid bog‘layotganini bildirgan.
Vinisiusning «Real» bilan amaldagi shartnomasi 2027-yil yozida yakuniga yetadi. Tomonlar hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor bo‘lsa-da, moliyaviy shartlar borasida hozircha kelishuvga erisha olmayapti.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, «Arsenal» ham braziliyalik yulduzni o‘z safiga qo‘shib olishni istayotgan klublardan biri hisoblanadi.