JCH-2026: Terma jamoalarning yakuniy qaydnomalari qachon e’lon qilinadi?
2-iyun — FIFA rasmiy saytida barcha terma jamoalarning yakuniy tarkiblari ommaga e’lon qilinadi.
Jahon chempionati yaqinlashgani sayin turnir reglamentiga oid muhim sanalar ma’lum bo‘lmoqda. Quyida vakillarimiz ishtirok etadigan mundialning tashkiliy bosqichlariga doir asosiy muddatlar bilan tanishing:
11-may — Kengaytirilgan tarkibni (55 nafar futbolchidan iborat dastlabki ro‘yxat) taqdim etishning so‘nggi muddati.
25-may — Klublar futbolchilarni ixtiyoriy ravishda milliy terma jamoalar ixtiyoriga qo‘yib yuborishi (reliz) shart bo‘lgan sana. (Bundan UEFA Konferensiyalar Ligasi va Chempionlar Ligasi finalchilari mustasno)
1-iyun — Musobaqa uchun yakuniy qaydnomani (23 nafardan 26 nafargacha futbolchi, ulardan 3 nafari darvozabon bo‘lishi shart) topshirishning so‘nggi kuni.
2-iyun — FIFA rasmiy saytida barcha terma jamoalarning yakuniy tarkiblari ommaga e’lon qilinadi.
Ilk uchrashuv boshlanishiga 24 soat qolgunga qadar — Jarohat olgan futbolchini yakuniy ro‘yxatdan boshqa o‘yinchiga o‘zgartirishning so‘nggi muddati. (Darvozabonlar bundan mustasno, ularni jiddiy jarohat sabab hatto turnir davomida ham almashtirishga ruxsat beriladi).
O‘zbekiston terma jamoasining qaydnomasi qachon chiqadi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro yakuniy ro‘yxatni 1-iyun kuni FIFAga taqdim etsa-da, vakillarimizning rasmiy qaydnomasi keng jamoatchilikka aynan 2-iyun kuni — FIFAning umumiy bayonoti bilan bir vaqtda oshkor qilinishi kutilmoqda.
