Jahon chempionati tarixi. Fransiya-1938
1938-yilning iyun oyida Fransiyaning 10ta shahri futbol bo‘yicha uchinchi jahon chempionatiga mezbonlik qildi.
Joriy yilning iyun va iyul oylari oralig‘ida AQSH, Meksika va Kanada yashil maydonlari jahon chempionati bahslariga mezbonlik qiladi. Turnir startiga qadar mundiallar tarixiga nazar tashlaymiz. Fransiya-1938.

1938-yilning iyun oyida Fransiyaning 10ta shahri futbol bo‘yicha uchinchi jahon chempionatiga mezbonlik qildi. Turnirda 16ta terma jamoasi pley-off bosqichidan boshlab g‘oliblik uchun kurashga kirishgan. Biroq Avstriya terma jamoasi turnirda starti arafasida musobaqada qatnashishdan bosh tortgan edi. Uchrashuvlar Parij, Marsel, Lion, Gavr, Strasburg, Bordo, Lill, Reyms, Tuluza va Antibestda joylashgan stadionlarda o‘tkazilgan.
Nimchorak final bosqichida, Italiya, Fransiya, Braziliya, Chexoslavakiya, Vengriya, Shveysariya, Shvetsiya hamda Kuba terma jamoalari raqiblaridan ustun kelib, chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi. Yarim final yo‘lida amaldagi chempion Italiya terma jamoasi mezbon Fransiyaga qarshi bahs olib borib, 3:1 hisobida zafar quchgan. Chorak finalning navbatdagi o‘yinida Braziliya terma jamoasi Chexoslavakiya bilan kuch sinashgan. Bellashuvda Lotin Amerikasi vakillari 2:1 hisobida raqibidan ustun kelib, keyingi bosqichga yo‘l olgan. Uchinchi chorak final uchrashuvida Vengriya va Shveysariya terma jamoalari maydonga tushgan. O‘yinda Vengriya ishonchli hisobda g‘alaba qozonib, musobaqadagi yurishini davom ettiradigan bo‘ldi. Chorak finalning so‘nggi o‘yinida Shvetsiya terma jamoasi Kubani yirik 8:0 hisobida tor-mor etib, yarim finalning oxirgi ishtirokchisiga aylangan.
Yarim final bahslarini Italiya - Braziliya uchrashuvi ochib bergan. Murosasiz o‘tgan bellashuvda italyanlar 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, ketma-ket ikkinchi bor jahon chempionatining finaliga yo‘l olgan. Ikkinchi yarim final o‘yinida esa Vengriya terma jamoasi Shvetsiya ustidan 5:1 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritgan. 3-o‘rin uchun bo‘lib o‘tgan o‘yinda Braziliya terma jamoasi Shvetsiyani 4:2 hisobida mag‘lub etib, turnirning bronza medallariga ega chiqqan.
Final bellashuvi 19-iyun kuni Parijga qarashli Kolumb shahrida joylashgan Olimpiya stadionida bo‘lib o‘tgan. Shu kuni amaldagi chempion Italiya milliy terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor finalga yetib kelgan Vengriyaga qarshi maydonga tushgan. Gollarga boy o‘tgan uchrashuvda Italiya 4:2 hisobida zafar quchib, ketma-ket ikkinchi bor jahon chempionligini qo‘lga kiritib, musobaqaning oltin medallarini o‘ziniki qilgan. Mos ravishda Vengriya kumush, Braziliya esa bronza medallari bilan taqdirlangan.

Turnir davomida umumiy 16ta uchrashuvda darvozalarga 84ta gol urilgan. Braziliya terma jamoasi hujumchisi Leonidas 7ta gol bilan turnir to‘purarligini qo‘lga kiritgan.