Jahon chempionati tarixi. Braziliya-1950
1950-yilda Braziliya o‘z tarixida ilk bor jahon chempionati bahslariga mezbonlik qilgan.
Joriy yilning iyun-iyul oylari oralig‘ida AQSh, Meksika va Kanada yashil maydonlari jahon chempionati bahslariga mezbonlik qiladi. Mundial startiga qadar turnir tarixiga nazar tashlaymiz - Braziliya-1950.

1950-yilda Braziliya o‘z tarixida ilk bor jahon chempionati bahslariga mezbonlik qilgan. Turnir 24-iyun sanasida start olib, 16-iyul kuni yakuniga yetgan. Uchrashuvlar Braziliyaning 6ta shahri Rio-de-Janeira, San-Paulo, Belu Orizonte, Porto Alegre, Resife va Kuritibada bo‘lib o‘tgan. Musobaqada 13ta terma jamoa 4 guruhga bo‘lingan holda kurashga kirishgan. Har bir guruhda birinchi o‘rinni egallagan terma jamoalar final bosqichiga yo‘l olgan va g‘olib nomi so‘nggi guruhda aniqlangan. "A" guruhini mezbon Braziliya terma jamoasi yetakchilik bilan yakunlagan bo‘lsa, "B" guruhida Ispaniya 3 o‘yinning barchasida g‘alaba qozonib, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. Oxirgi ikki guruhdan esa Shvetsiya va Urugvay terma jamoalari keyingi bosqich yo‘llanmasiga ega chiqqan.
Keyinchalik guruh bosqichida g‘olib bo‘lgan 4 jamoa qayta bir guruhga jamlanib chempion nomiga oydinlik kiritgan. Final bosqichida Urugvay terma jamoasi o‘tkazilgan 3 uchrashuvning 2tasida g‘alaba va bittasida durang natija qayd etgan holda, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, o‘z tarixida ikkinchi marta jahon chempionligini qo‘lga kiritgan. Mezbon Braziliya terma jamoasi esa dastlabki ikki uchrashuvda yirik hisoblarda g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, so‘nggi o‘yindagi Urugvaydan qabul qilib olingan mag‘lubiyat jamoaga qimmatga tushgan. Bronza medallari esa Shvetsiya terma jamoasiga nasib etgan.

Musobaqa mobaynida 22ta uchrashuvda umumiy 84ta gol urilgan. Braziliya terma jamoasi futbolchisi Ademir 9ta gol bilan turnir to‘purarligini qo‘lga kiritgan.