Jadid bobolarimiz haqida yana bir yangi kitob
Yigirmanchi asrda Turkiston o‘lkasini mustamlakadan ozodlikka chiqishini orzu qilgan, bu yo‘lda xalqni o‘qitish, ma’rifatli qilish uchun bor kuch, bilimini ayamagan jadid bobolarimiz haqida, ular amalga oshirgan ezgu amallar borasida qanchalik ko‘p bilsak, ma’lumotga ega bo‘lsak, shunchalik yaxshi. Negaki, ularning butun umri, o‘lmas ijodi xalqimiz, ayniqsa yoshlar uchun bir mayoq, ibrat vazifasini o‘tashi muqarrar.
Shuning uchun ayni paytda yurtimizda ularning xotirasini e’zozlash, ular qoldirgan merosni o‘qib-o‘rganish uchun juda katta amaliy ishlar qilinmoqda. Mana yaqinda taniqli yozuvchi Abbos Saidning “Munavvar qorining so‘nggi nidosi” nomli qissasi nashrdan chiqdi. Mazkur qissa asosan 23 yoshida o‘z maktabini ochgan, nafaqat Markaziy Osiyoda, balki Yevropada ham e’tirof etilgan jadid – Munavvar qori haqidadir. U “Chor hukumatini yo‘qotish jadidlarning tilagida bor edi” deb yozgan edi 1920 yildagi maqolalaridan birida.
Kitobni varaqlar ekansiz, unda azaliy orzusi erk bo‘lgan jadid bobolarimizning intilishlari, kurashlarigina emas, Munavvar qori va uning shogirdi To‘lqin Tursunzoda o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbatlar orqali o‘sha davr hayoti, millatning asl farzandlariga qilingan nohaqligu adolatsizliklar, xalqimizni ruhan sindirishga bo‘lgan harakatlardan xabardor bo‘lasiz.
To‘plam “Yoshlar matbuoti” nashriyotida uch ming tirajda chop etildi. Quvonarlisi shundaki, muallif ushbu kitobi uchun Mustaqillik bayrami arafasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan ”Vatan uchun yashaylik” tanlovining sovrindorlaridan biri bo‘ldi.
Turob Niyoz, O‘zA