“Layli va Majnun” – ilohiy ishqning betakror tarannumi
O‘zbekiston davlat drama teatrida buyuk shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning bebaho adabiy merosi – “Layli va Majnun” dostoni asosida sahnalashtirilgan spektakl namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimiz teatr san’atida o‘ziga xos voqelikka aylangan ushbu namoyish Hazrat Navoiyning benazir asarlarini xalqimizga, ayniqsa, yoshlarga tobora yaqinlashtirish yo‘lidagi muhim ezgu tashabbus bo‘ldi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
G‘oya muallifi va adabiy maslahatchi – O‘zbekiston xalq yozuvchisi, ustoz ijodkor Xayriddin Sulton, inssenirovka muallifi – Ikrom Iskandar, sahnalashtirish badiiy rahbari – O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, Hamza nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Olimjon Salimov bo‘lgan ushbu spektaklning namoyishi yurtimiz jamoatchiligi, teatr muxlislarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Davrimizdan salkam olti asr yiroqda bo‘lgan alloma bobomizning adabiy merosi biz uchun ham til xazinasi, ham axloqiy qo‘llanma, ham milliy g‘urur manbaidir. Uning asarlarini o‘qish orqali xalqimiz o‘z ona tilining naqadar boy, nafis va qudratli ekanini his qiladi. Odob-axloqning, ma’naviyat va ma’rifatning o‘ziga xos betakror qomusi bo‘lgan Navoiy asarlarida ilgari surilgan insonparvarlik, saxovat, kamtarlik va adolat kabi g‘oyalar har qanday zamon uchun va hatto kelajak uchun ham dolzarb bo‘lib qolaveradi.
Turli yot madaniyatlar kirib kelayotgan bugungi globallashuv davrida Navoiy merosi biz uchun kuchli “madaniy qalqon”, “kamolot mayog‘i” vazifasini o‘taydi. Uning asarlari insonni yuzaki ko‘ngilochar narsalardan ko‘ra, chuqurroq mushohada yuritishga va hayotning mazmuni haqida teran o‘ylashga undaydi. Bu jihatlar bobokalonimizning “Layli va Majnun” dostonida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Yuksak badiiyati, teran falsafiy g‘oyasi bilan ushbu asar bugun ham dunyo olimlarining e’tiborida, tadqiqotlari markazida bo‘lib turibdi. Doston shunchaki ikki shaxs muhabbati emas, balki Yaratganga chin e’tiqod, mehr va ixlosning yuksak tarannumi namunasidir. Spektaklni tomoshabinlarga taqdim etish jarayonida shu jihatlar e’tiborga olingani ahamiyatga molikdir.
– Teatrning premerasi – o‘ziga xos bayram, — dedi O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, O‘zbekiston Davlat drama teatri badiiy rahbari va bosh rejissyori Olimjon Salimov. – Bundan ko‘p yillar avval ham Navoiyning “Saddi Iskandariy” asariga murojaat qilingandi. “Layli va Majnun” spektaklini sahnalashtirishda 30 dan ortiq aktyorlar qatnashgan. Ilk namoyish O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Dono Boboxonovaning porloq xotirasiga bag‘ishlanadi. Sababi, Dono opa shu spektaklda asosiy rollardan birini ijro etishlari kerak edi. Ikki kun avval sahnada yurak xurujiga uchradilar...Afsus, ularni saqlab qololmadik...
Darhaqiqat, “Layli va Majnun” spektaklini boshdan oxiriga qadar tomoshabin jiddiy va adoqsiz hayajonda ko‘radi. Ramzlar, timsollar, tashbehlarga to‘la bu asar ilohiy ishqning mashaqqatidan so‘zlashi bilan e’tiborga molik.
– Teatr muxlislari ko‘pdan buyon Navoiy asarlarining sahnadagi talqinini intizorlik bilan, orziqib kutardi, – dedi O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sulton. – Aslida Alisher Navoiyning “Layli va Majnun” dostoni chuqur ramziy falsafiy g‘oya va mazmunga ega asarki, uning ummon yanglig‘ tubiga olimlar hamon yetib bora olgan emas. Asarni sahnaga tayyorlash jarayonida Navoiyni tushunib, anglab yondashganlari uchun teatr fidoyilariga ta’zim etamiz. Zero, Navoiyni shu tarzda yoshlarga tushuntirmasak, u biz uchun jumboq bo‘lib qolaveradi. Ulug‘ alloma asari asosidagi spektaklni tomosha qilish oson emas, lekin Navoiy g‘oyalarining mag‘zini chaqa olish insonga bitmas-tuganmas ma’naviy ozuqa beradi.
– “Layli va Majnun” Navoiyning eng o‘tli va haroratli dostonlaridan biri, – dedi navoiyshunos olim, filologiya fanlari doktori Olimjon Davlatov. – Qolaversa, “Yig‘lay-yig‘lay tugatdim oxir” degan satrlar bilan ziynatlangan bunday dostonni sahnalashtirish g‘oyat murakkab ish. Ayniqsa, an’anaviy qotib qolgan qarashlarni sindirib, yangicha bir talqinda, abadiylikka daxldor mavzuda bir spektakl yaratilishi juda oson ish emas. Birinchi navbatda inssenirovka muallifi Ikrom Iskandarni tabriklamoqchi edimki, spektaklni yaratishda hazrat Navoiyning baytu g‘azallaridan ijodiy tarzda foydalanib, sodda bo‘lgan baytlarni asliyatda, nisbatan murakkab baytlarni nazmiy qayta talqinda berganlar. Bu ham spektaklning tushunarli bo‘lishini ta’minlagan. Ikkinchi jihati bor – spektaklda obrazlar juda yorqin ko‘rsatilgan. Ayniqsa, men uchun Laylining otasi obrazi ma’qul tushdi. Laylining otasi johillikdan emas, shunchaki siyosat uchun emas, balki u qizini shu qadar yaxshi ko‘radiki, devonalikda nomi chiqqan Qaysga bergisi kelmaydi. Or-nomusni har narsadan baland qo‘yadi. Yana bir ma’qul bo‘lgan jihat, obraz Navoiy obrazi. Roviy tarzida talqin etilgan Navoiy obrazi spektakl mazmunini yetkazishga xizmat qiluvchi obraz bo‘ldi. Shuningdek, Layli obrazini ochib bergan qizimiz muhabbatda ayollar o‘t-olov bo‘lishini juda yorqin aks ettirgan.
[gallery-28840]
Spektaklni sahnalashtiruvchi rejissyor – Asqar Xolmo‘minov. Sahnalashtiruvchi rassom – Mirjalol Holiqov. Kompozitor – Aypbergen O‘tegenov. Baletmeyster – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Erkin Qahhorov. Liboslar bo‘yicha rassom – Ra’no Xayriddinova.
Mazkur spektakl nafsni yengish, poklik, vafo, ilohiy ishqqa intilish, sabr va matonat, erk, ruhiy yuksalish kabi betakror insoniy fazilatlarni tarannum etgani bilan muxlislar mehrini qozondi.
Nazokat Usmonova,
Asliddin Alijonov(suratlar),
O‘zA