Istiqlol ayyomi ko‘tarinki kayfiyatda qarshi olinmoqda
Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan «Bir Vatan, bir xalq, bir maqsad» g‘oyasi asosida bayram tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Tumanning Birlashgan mahallasida «Mustaqillik to‘yi» festivali va «Kinokarvon» loyihasi doirasida aholi uchun mazmunli madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tuman hokimligi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Guliston tumani bo‘linmasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbir mahalla ahli uchun haqiqiy bayram shukuhiga aylandi. Unda turli yoshdagi aholi vakillari, nuroniylar, yoshlar va mahalla faollari ishtirok etib, istiqlol ayyomini ko‘tarinki kayfiyatda qarshi oldilar.

Bayram dasturidan xalq sayili, sport musobaqalari, kitobxonlik aksiyalari va madaniy-ma’rifiy chiqishlar o‘rin oldi. Bu jarayonlarda aholining faol ishtiroki tadbirga yanada fayz bag‘ishladi. Ayniqsa, turli avlod vakillarining bir davrada jam bo‘lib, bayram quvonchini baham ko‘rayotgani mahalladagi ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamladi.
Tadbir davomida Mustaqillikning xalqimiz hayotidagi beqiyos ahamiyati, yurt tinchligi va osoyishtaligining qadri, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda yosh avlodni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. «Bir Vatan, bir xalq, bir maqsad» g‘oyasi esa barcha tadbir ishtirokchilarini ezgu maqsadlar atrofida yanada jipslashtirdi.

Bayramga tuman Madaniyat markazining xushovoz xonandalari O‘tkirbek Isoqov va Hasan Risqulov ijrosidagi dilbar kuy-qo‘shiqlar yanada fayz bag‘ishladi.
«Kinokarvon» loyihasi doirasida Vatan mavzusidagi film namoyish etilgani ham tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Kino orqali Vatanga muhabbat, milliy g‘urur, fidoyilik va yurt taqdiriga daxldorlik g‘oyalarining targ‘ib etilishi tadbirning ma’naviy mazmunini boyitdi.


Shu mahallada istiqomat qiluvchi Gulshan Sangirova ham bayram tadbiri haqida o‘z fikrlarini bildirdi:
— Mustaqillik bayrami xalqimiz uchun eng ulug‘ va qadrli ayyomlardan biri. Uni mahallada birgalikda, ko‘tarinki ruhda nishonlash o‘zgacha taassurot qoldiradi. Bugun yoshlar ham, kattalar ham faol ishtirok etishdi. Barchaga bayramona kayfiyat ulashgan tashkilotchilardan minnatdormiz. Ayniqsa, mahalla ahlini bir davra atrofida jamlab, mazmunli madaniy dasturlar taqdim etayotganimiz quvonarli. Bunday tadbirlar odamlarga yaxshi kayfiyat bag‘ishlash barobarida, mahallada ahillik va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri