Issiqlik tizimlari chekka hududlarda ham ishga tushadimi?
Bu yilgi qish mavsumi yakunlanib bormoqda. Ayni vaqtda ko‘p qavatli uylarni va ijtimoiy soha ob’ektlarini isitish va issiq suv bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida besh yuzga yaqin qozonxona ishlab turibdi.
Shuningdek, 2020-2021 yilda kuz-qish mavsumida 64 ta issiqlik ta’minoti ob’ektida 137 dona markaziy va mahalliy qozonxona, 472 dona nasos agregati va 990,3 km issiqlik tarmoqlarini mukammal va joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Bu esa issiqlik tarmoqlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklar soni kamayishiga olib keldi.
Ayni vaqtda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimdagi ishlar samaradorligini oshirish uchun yana nimalarni rejalashtirmoqda? Issiqlik tizimlari chekka hududlarda ham ishga tushadimi? Bu kabi savollarga Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazir o‘rinbosari Nazirjon NAZIROV izoh berdi.
– Albatta, yildan yilga issiqlik yetkazib berish tizimi kengayib bormoqda, – deydi N.Nazirov.
– O‘tgan yili issiqlik ta’minoti tizimini yaxshilash uchun Jahon banki ishtirokida qiymati 140,0 million dollar bo‘lgan «Andijon, Chirchiq, Buxoro, Samarqand shaharlari va Sergeli tumani markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimini rekonstruksiya qilish va energiya samaradorligini oshirish» loyihasi boshlangan edi. Hozir Chirchiq shahrida umumiy quvvati 75 MVT bo‘lgan uchta qozon o‘rnatilmoqda. Buxoro shahri «Buxoroenergomarkaz» qozonxonasi issiqlik ta’minoti hududida 264 ta individual issiqlik punkti o‘rnatish bo‘yicha tender savdolari o‘tkazildi. Yana 5,5 km issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha tender savdolari o‘tkazilib, pudratchilar aniqlanmoqda.
Joriy yilda 100,0 milliard so‘m hisobidan 5 ta ob’ektda modernizatsiya va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, natijada 377 ta ko‘p qavatli uy-joy hamda 45 ta ijtimoiy soha ob’ektida issiqlik ta’minoti yaxshilanadi.
Yaponiyaning Jayka agentligi ishtirokida «Buxoro, Farg‘ona, Quvasoy, Nukus va Urganch shaharlarida zamonaviy texnologiyalarni joriy etgan holda markaziy qozonxonalarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish», Koreyaning eksport-import banki ishtirokida Angren va Shirin shaharlarining issiqlik ta’minoti tizimini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish loyihalari amalga oshiriladi.
Aholiga issiqlik energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshirishda qulaylik yaratish hamda issiqlik ta’minoti korxonalarida issiqlik energiyasi va issiq suvni nazorat qilish hamda hisobga olishning integratsiyalashgan avtomatlashtirilgan «Billing» tizimi hamda elektron (U-Pay, Pay-me, Click, Paynet, Paymo) to‘lov tizimlari joriy etilib, doimiy nazorat qilish imkoniyati yaratildi.
Soha mutaxassislarini tayyorlash, ularning kasb mahoratini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari, amaliy seminar va treninglar, shuningdek, ularning chet elda ishlab chiqarish amaliyoti o‘tashini tashkil etish uchun xalqaro dasturlar va jamg‘armalarning grantlarini jalb etish yuzasidan loyiha takliflari (annotatsiyalar) donorlarning grant mablag‘larini jalb etish maqsadida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda.
Samarqand, Buxoro, Qarshi va Namangan shaharlarida ichimlik va oqova suv xizmatlarini hamda Jizzax, Buxoro, Namangan va Qarshi shaharlarining issiqlik ta’minoti tizimlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida ko‘p yillik boshqaruvga berishni tashkil etish takliflari ko‘rib chiqilmoqda.
Sayyora Shoyeva, O‘zA