Issiqlik tizimiga 529 milliard so‘m yo‘naltirildi
2026-yilgi infratuzilmani rivojlantirish dasturi doirasida issiqlik ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish ishlari jadal davom etmoqda. Bu maqsadlar uchun 529 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lib, natijada minglab xonadonlar va yuzlab ijtimoiy ob’ektlarning issiqlik ta’minoti yaxshilanadi. Xo‘sh, bu mablag‘lar qanday loyihalarga sarflanmoqda?
Mamlakatimizda aholi turmush sifatini yaxshilash, kommunal xizmatlar samaradorligini oshirish va zamonaviy shaharsozlik infratuzilmasini shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda issiqlik ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish va rekonstruksiya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
"Issiqlikta’minoti" AJning ma’lum qilishicha, 2026-yilgi infratuzilmani rivojlantirish dasturi doirasida mavjud issiqlik ta’minoti tizimlarini yangilash, eskirgan tarmoqlarni almashtirish hamda “Yangi O‘zbekiston” massivlarida barpo etilgan ko‘p qavatli uylarni markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulash ishlari izchil davom etmoqda.
Bugungi kunga qadar belgilangan yillik rejaning salmoqli qismi bajarildi. Jumladan, jami 65,3 kilometr issiqlik tarmoqlari tortilishi ta’minlanib, bu yillik rejaning 43 foizini tashkil etdi. Shuningdek, rejalashtirilgan 19 ta isitish qozoni o‘rnatilib, ko‘rsatkich 31 foizga yetkazildi.

Qayd etilishicha, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun ajratilgan 529,1 milliard so‘m mablag‘ning 244,7 milliard so‘mi o‘zlashtirildi, ya’ni ishlar bajarilishi darajasi 46 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, loyihalarni moliyalashtirish uchun 258,1 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi, bu esa umumiy mablag‘ning qariyb yarmiga teng.
Tahlillarga ko‘ra, amalga oshirilayotgan ishlar ikki muhim yo‘nalishni qamrab olmoqda. Birinchi yo‘nalish — mavjud issiqlik ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish va rekonstruksiya qilish bo‘lsa, ikkinchisi — “Yangi O‘zbekiston” massivlarida mutlaqo yangi issiqlik infratuzilmasini yaratishdan iborat.
Xususan, issiqlik ta’minoti korxonalari tasarrufidagi 6 ta isitish qozoni va 37 kilometr issiqlik tarmog‘ida qurilish hamda modernizatsiya ishlari yakunlandi. Bu ko‘rsatkichlar tegishli rejaning mos ravishda 15 va 37 foizini tashkil etadi.
Shu bilan birga, “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 13 ta yangi isitish qozoni o‘rnatilib, 27,6 kilometr issiqlik tarmog‘i qurildi. Bu esa mazkur yo‘nalishdagi rejaning 65 va 55 foiz qismi bajarilganini ko‘rsatadi.

Soha xodimlarining fikricha, issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish nafaqat qish mavsumidagi uzilishlarni kamaytiradi, balki energiya tejamkorligini oshirish va issiqlik yo‘qotishlarini qisqartirish imkonini ham beradi.
Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida 1 ming 156 ta ko‘p kvartirali uy va 184 ta ijtimoiy soha ob’ektining issiqlik ta’minoti yaxshilanadi. Bu esa minglab oilalar uchun yanada qulay va barqaror kommunal xizmat ko‘rsatilishini ta’minlaydi.
Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” massivlaridagi 492 ta ko‘p kvartirali uy hamda 40 ta ijtimoiy soha ob’ekti markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimiga ulanadi. Natijada yangi barpo etilgan turar joylarda yashovchi aholi uchun zamonaviy muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi yaratiladi.

So‘nggi yillarda respublikada qurilayotgan yangi turar joy massivlari sonining ortishi kommunal infratuzilmaga bo‘lgan talabni ham keskin oshirmoqda. Ayniqsa, issiqlik ta’minoti tizimi aholi farovonligi va yashash sharoitini belgilaydigan muhim omillardan biri hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan, issiqlik tarmoqlarini yangilash, yangi qozonxonalar qurish va markazlashgan tizimlarni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat kommunal xizmatlar sifatini oshirishga, balki energiya resurslaridan oqilona foydalanishga ham xizmat qiladi.
Eng muhimi, mazkur loyihalar natijasida minglab xonadonlar va yuzlab maktab, bog‘cha, shifoxona kabi ijtimoiy ob’ektlarda qish mavsumini barqaror issiqlik ta’minoti bilan o‘tkazish imkoniyati kengayadi. Bu esa aholi turmush sifati va kommunal xizmatlardan qoniqish darajasini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA