Qarzdor ota aliment to‘lovini oldindan to‘ladi
Sirdaryo viloyatida qarzdor ota chet elga ishlash uchun chiqish imkoniyatini qo‘lga kiritish maqsadida besh yillik aliment to‘lovini oldindan amalga oshirdi.
Majburiy ijro byurosining Sayxunobod tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan ijro hujjatiga ko‘ra, qarzdor B.J.dan undiruvchi A.Sh. foydasiga voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan.
Ijro harakatlari davomida aliment to‘lovlari o‘z vaqtida amalga oshirilmagani sababli qarzdorning chet elga chiqish huquqiga vaqtincha cheklov qo‘yilgan.
Keyinchalik qarzdor ishlash maqsadida xorijga chiqish istagini bildirib, davlat ijrochisiga murojaat qildi. Unga qonunchilikda nazarda tutilgan huquq va majburiyatlar, shuningdek, aliment to‘lovini oldindan amalga oshirish tartibi tushuntirildi.
Davlat ijrochisi tomonidan amalga oshirilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, besh yillik aliment miqdori 140 million so‘mni tashkil etdi. Qarzdor mazkur mablag‘ni to‘liq ravishda oldindan to‘ladi.
Natijada voyaga yetmagan farzandning kelgusi besh yillik moddiy ta’minoti kafolatlandi hamda qarzdorning chet elga chiqishiga nisbatan qo‘yilgan vaqtinchalik cheklov bekor qilindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri