Ishbilarmon ayollar saralandi
Sayxunobod tumanida «Ishbilarmon ayol – 2026» ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi ko‘tarinki kayfiyat va sog‘lom raqobat muhitida o‘tkazildi. Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad xotin-qizlarning tadbirkorlik salohiyatini yuksaltirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ilg‘or biznes g‘oyalarini ommalashtirishdan iborat bo‘ldi.
O‘zLiDeP Sirdaryo viloyati va Sayxunobod tuman Kengashlari tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbir tuman hokimligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining tuman bo‘limi hamkorligida o‘tkazildi.

Tanlovda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 15 nafar ishbilarmon ayol o‘z biznes loyihalari, hunarmandchilik buyumlari va qo‘l mehnati namunalarini namoyish etdi. Ishtirokchilarning iqtisodiy samaradorlikka qaratilgan tashabbuslari, yaratgan ish o‘rinlari, mahsulotlar sifati hamda innovatsion yondashuvlari hakamlar hay’ati tomonidan atroflicha baholandi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, baliqchilik va turizm sohasida samarali faoliyat yuritayotgan Dildora Norboyeva tanlov g‘olibi deb topildi. Ruxshona Olimjonova ikkinchi, Nigora Zarmasova esa uchinchi o‘rinni egalladi.
G‘olib va faol ishtirokchilar O‘zLiDePning diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Tanlov yana bir bor tadbirkor ayollarning mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va oilalar farovonligini yuksaltirishdagi muhim o‘rni hamda salohiyatini namoyon etdi.

— Tanlov g‘oliblari nafaqat munosib e’tirofga sazovor bo‘ldi, balki o‘z mehnati, intilishi va erishgan natijalari bilan boshqa xotin-qizlarga ham «men ham uddalay olaman» degan ishonchni bag‘ishladi, — deydi tuman hokimining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nodira Mirzayeva.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri