Ilg‘or agrotexnologiyalar amaliyotga joriy etilmoqda
Jizzax viloyati Zomin tumanida qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish, yer unumdorligini oshirish va fermerlar malakasini yuksaltirishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom etmoqda.
Ana shunday tashabbuslar doirasida tumanning “Kultepa” suv iste’molchilar uyushmasi hududida joylashgan “Uchinchi proyekt” fermer xo‘jaligida sohaning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi. Ushbu farmonda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish hamda fermer va dehqonlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Seminar jarayonida g‘alla parvarishi, agrotexnik talablarga qat’iy rioya etish, bog‘ va tok qator oralaridan samarali foydalanish, sabzavot ekinlarini joylashtirish kabi masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi. Shuningdek, dala chetlarida ekilgan mevali ko‘chatlarni parvarishlash va ularni tizimli saqlash bo‘yicha mutaxassislar tomonidan aniq va amaliy tavsiyalar berildi.
Ayniqsa, fermer xo‘jaliklarini ko‘p tarmoqli faoliyatga o‘tkazish orqali daromad manbalarini diversifikatsiya qilish, bozor talablariga mos ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan bildirilgan takliflar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ilmiy-tadqiqot muassasalari olimlari tomonidan ishlab chiqilgan ilg‘or agrotexnologiyalar, hosildorlikni oshirish va yer resurslaridan oqilona foydalanishga doir tavsiyalar amaliyotchilarga yetkazildi.
Tadbirda tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi mutaxassislari, fermerlar kengashi vakillari hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etib, hududda amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Mavjud muammolar ochiq muloqot asosida muhokama qilinib, ularni bartaraf etishning aniq mexanizmlari belgilab olindi.
[gallery-28819]
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashib, kelgusida amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlar yuzasidan aniq vazifalarni belgiladilar. Bu kabi amaliy tadbirlar qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish, fermerlarning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda yuqori hosildorlikka erishishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA