III Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali boshlandi
Azaldan ilm-fan, madaniyat va hunarmandchilik markazi sifatida tanilgan ko‘hna va boqiy Buxoroda III Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivaliga tantanali start berildi. Milliy qadriyatlar, nodir hunarmandchilik an’analari va betakror madaniy merosni o‘zida mujassam etgan ushbu nufuzli anjuman nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro jamoatchilik e’tiborini ham Buxoroga qaratmoqda.
Festival erta tongdanoq yuqori kayfiyat va bayramona muhitda “Mo‘’jizalar karvoni”ning tantanali yurishi bilan boshlandi. Ark qo‘rg‘onidan “Labi hovuz” majmuasigacha bo‘lgan tarixiy ko‘chalar bo‘ylab o‘tgan yurishda milliy liboslardagi ishtirokchilar, folklor jamoalari, hunarmandlar va san’atkorlar Buxoroning boy madaniy muhitini yana bir bor namoyon etdi. Qadimiy shahar ko‘chalarida yangragan milliy kuy-qo‘shiqlar va raqslar festivalga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Festival doirasida Buxoro shahrining eski shahar qismida respublika folklor jamoalarining chiqishlari, milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazma-savdolari, xalq amaliy san’ati namunalari taqdimotlari tashkil etilmoqda. Ayniqsa, zardo‘zlik va zargarlik buyumlarida milliy an’analar bilan zamonaviy uslub uyg‘unligi ishtirokchilar va mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
[gallery-29422]
Mazkur xalqaro festival O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-apreldagi “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilmoqda. Uning asosiy maqsadi xalq amaliy san’ati, xususan, zardo‘zlik va zargarlik sohasini rivojlantirish, milliy hunarmandchilik maktablarini asrab-avaylash, yosh avlodga yetkazish hamda madaniy aloqalarni mustahkamlashdan iborat.
Festival tadbirlari Buxoro shahrining tarixiy-madaniy obidalari bo‘lgan Ark qo‘rg‘oni, Labi hovuz, Poyi Kalon va Nodir devonbegi madrasasi kabi tarixiy va madaniy maskanlarda o‘tkaziladi. Bu esa Buxoroning ko‘p asrlik tarixi, me’moriy obidalari va betakror muhitini xalqaro mehmonlarga yanada yaqindan namoyon qilish imkonini bermoqda
Festival dasturi juda boy va rang-barang. Unda milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalari, xalq raqslari va folklor chiqishlari, qo‘g‘irchoq teatrlari, konsert dasturlari, mahorat darslari hamda “Buxoro moda kunlari – 2026” doirasida milliy va zamonaviy liboslar namoyishi tashkil etilmoqda. Bu tadbirlar milliy madaniyatimizning nafosati va jozibasini keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.
E’tiborlisi, festivalda Afrika, Yevropa, Osiyo, Shimoliy Amerika hamda Tinch okeani mintaqalaridan 38 davlatdan 120 nafardan ortiq xorijiy mehmonlar ishtirok etmoqda. Ular orasida xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari, san’atshunoslar, dizaynerlar va hunarmandchilik sohasi mutaxassislari bor. Shuningdek, yurtimizning turli hududlaridan kelgan 300 dan ziyod mahalliy hunarmandlar o‘z ijod namunalarini namoyish etmoqda.
III Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali nafaqat milliy hunarmandchilik an’analarini asrash va rivojlantirish, balki O‘zbekistonning boy madaniy merosini dunyoga keng targ‘ib qilishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ko‘hna Buxoroda o‘tayotgan ushbu nufuzli anjuman milliy san’at va madaniyatimizning yuksak salohiyatini yana bir bor namoyon etmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari