Amir Temur shaxsiga berilgan yuksak baho
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi asosida bu yil mamlakatimizda buyuk Sohibqiron bobomiz Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlandi. Ushbu sana Vatanimiz istiqlolining 35 yilligi bilan hamohang ekani diqqatga sazovordir.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktorining o‘rinbosari, tarix fanlari doktori Dilnoza Jamolovaga jahongir bobokalonimizning ma’naviy hayotimizda tutgan o‘rni va ahamiyati xususida bir necha savollar bilan murojaat etdik.
– Dilnoza Muyiddinovna, bugun dunyodagi jarayonlar har qachongidan ham shiddatli va kutilmagan tarzda kechmoqda. Qariyb yetti asr bizdan olisda bo‘lgan ulug‘ jahongir bobomiz Amir Temurning xalqimiz ma’naviy hayotidagi o‘rnini qanday ta’riflagan bo‘lar edingiz?
– Buyuk sarkarda va davlat arbobi, sohibqiron Amir Temur qariyb yetti yuz yil vaqt o‘tganiga qaramay, o‘zbek xalqi xotirasida jasorat, adolat, ilm-fan, vatanparvarlik ramzi sifatida yashab kelmoqda. To‘g‘ri, Rossiya imperiyasi davrida milliy tariximiz ayniqsa, Amir Temur va temuriylar davri qoralab yozildi, soxtalashtirildi, unuttirishga harakat qilindi. Darsliklarda, tadqiqotlarda Turonning buyuk hukmdori qonxo‘r, bosqinchi sifatida “ta’riflandi”. Uning Turonni mo‘g‘ullar zulmidan ozod qilgani, harbiy mahorati, markazlashgan davlat tuzgani, diplomatiyasi, bunyodkorligi, ilm-fanni rivojlantirish yo‘lidagi ishlari haqida lom-mim deyilmadi. Ikkinchi uyg‘onish davri bir tomonlama yoritildi.
Faqatgina mustaqilligimiz qayta tiklangach, tariximizni xolisona o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Milliy tariximiz, buyuk ajdodlarimizning hayoti va faoliyati, ularning yurt oldidagi xizmatlari manbalar asosida o‘rganila boshlandi. Jumladan, Turon hukmdori Amir Temur va uning saltanati tarixini o‘rganish hamda xalqimizga yetkazish muhim vazifa qilib belgilandi.
Sohibqiron bobomizning xalqimiz ma’naviy hayotidagi o‘rni beqiyosdir. Birinchidan, Amir Temur milliy g‘urur va vatanparvarlik timsoli, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. U yurtimizni bosqinchilardan ozod qildi, markazlashgan qudratli davlat tuzdi. Turonning shuhratini butun dunyoga tanitdi. Millatsevarligi, xalqparvarligi bilan o‘z davrida ham va keyingi davrlarda ham hammaga ibrat bo‘ldi. Turkiya Respublikasining asoschisi va birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturkning quyidagi e’tirofi fikrlarimning dalilidir: “Men Amir Temur davrida yashasam, unchalik ish qila olmagan bo‘lardim. Ulug‘ Temur meni davrimda yashasa, mendan bir necha karra ko‘p ish qilgan bo‘lardi”.
Ikkinchidan, Amir Temur ilm-fan va madaniyatga homiylik qildi. Turon poytaxti – Samarqand yirik ma’rifiy va madaniy markazga aylandi. Amir Temur asos solgan muhit samarasi o‘laroq, temuriylar davrida ilm-fan, me’morchilik, adabiyot va san’at yuksak taraqqiyotga erishdi.
Uchinchidan, Amir Temur adolat, rostso‘z, intizom va tartibni davlat boshqaruvining asosi deb bildi. Bugun ham bu g‘oyalar, mafkuralar va amallar ma’naviy qadriyat sifatida o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.
Sohibqiron bobomizning yana bir eng muhim jihati, u kishi xalqimizning tarixiy xotirasi va ma’naviy birligini mustahkamlovchi kuchli shaxsdir.
– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaror hamda “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorlar qabul qilindi. Siz Sohibqiron Amir Temur va Vatan mustaqilligi g‘oyalari o‘rtasidagi hamohanglikni nimalarda ko‘rasiz?
– Buyuk sohibqiron Amir Temur bobomizning 690 yilligi hamda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bir sanaga to‘g‘ri kelib qolishi bejiz emas, albatta. Amir Temur Turonning ozodligi uchun kurashdi, uni 150 yil davomida talagan mo‘g‘ul bosqinchilarini yurtimizdan quvib chiqardi. Markazlashgan kuchli davlat tuzish g‘oyasini ustuvor deb bildi hamda mayda bo‘laklarga bo‘linib ketgan hokimliklarni birlashtirib, parokandalikka barham berdi.
O‘zbekistonimiz esa Rossiya imperiyasining qariyb 150 yillik zulmidan ozod bo‘ldi. Ko‘plab qon to‘kilishlar, qo‘zg‘olonlar, milliy istiqlolchilik harakatlari, qatag‘onlar evaziga mustaqilligini qayta tiklagan o‘zbek xalqi va davlati erk, hurriyat hamda ozodlikni ulug‘ ne’mat deb bildi va har yili milliy kun sifatida nishonlab keladi. Shu ma’noda, Amir Temurning yurtni ozod qilish uchun qilgan harakatlari mustaqillik g‘oyalarining tarixiy ildizlaridan biri bo‘lib hisoblanadi.
Shuningdek, mustaqillik yillarida milliy tariximiz va buyuk ajdodlar merosini tiklashga katta e’tibor qaratildi. Amir Temur shaxsiga berilgan yuksak baho xalqimizning milliy g‘ururi, tarixiy xotirasi va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
– Hamisha yangilikka intilgan jadid bobolarimizning ulug‘ jahongir Amir Temur bobomizga munosabati haqida ham fikrlaringizni bilmoqchi edik.
– Buyuk turonchilik g‘oyasini ilgari surgan jadid bobolarimiz Amir Temur shaxsi hamda uning davlatchiligimiz tarixida tutgan o‘rnini juda yuqori baholaganlar. Jumladan, Abdurauf Fitrat Turkiston xalqiga, ayniqsa yoshlarga Amir Temurning buyukligi, uning davlatchilik tarixida tutgan o‘rnini ko‘rsatishga harakat qilgan. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi maorif noziri bo‘lgan vaqtida 1922-yili iqtidorli yoshlarni Germaniyaga o‘qish uchun yuborishdan oldin Amir Temur maqbarasini ziyorat qilishga olib borganini tarixiy manbalar tasdiqlaydi.
Jadidchilik harakatining yirik namoyandasi Musojon Saidjonov “Amir Temur maqbarasi” risolasida Amir Temurning g‘ayrati, shijoati haqida fikr bildirib, “... ismi bilan sifati Temir bo‘lg‘on, irodasi kuchli bu shaxs”, deb e’tirof etgan.
Buxoro taraqqiyparvarlik harakatining yetakchisi Sadriddin Ayniy ham Amir Temur va temuriylar davri tarixiga o‘z bahosini bergan. Amir Temur davrida Samarqand shahrida amalga oshirilgan obodonchilik ishlarini qayd qilgan holda, sohibqiron qurdirgan me’moriy obidalar va maqbaralar haqida ma’lumot bergan. Sadriddin Ayniyning xulosalaridan Amir Temur Samarqand shahrini kengaytirgani, katta qismini qayta tiklagani oydinlashadi.
Turkiston jadidlarining yetakchisi Munavvarqori Adburashidxonov Amir Temur haqida she’rlar, maqolalar yozmagan bo‘lsa-da, milliy davlatchilikni tiklashda Amir Temurning saltanatchilik siyosatini asos qilib olgan. Buyuk turonchilik g‘oyasini ilgari surgan, turkistonliklarni birlashishga chorlab, mustamlakachilikka qarshi kurashish hamda Sohibqiron davridagi kabi markazlashgan Turon davlatini tiklash masalasini qo‘ygan. Jadid maktabi, kutubxona va teatr guruhlarini “Turon” deb nomlagan. Farg‘ona taraqqiyparvarlarini birlashtirgan jamiyatga ham behudaga “Temur” nomi berilmagan.
Jadidlar uchun Amir Temur jasorat, mardlik va adolat timsoli bo‘lgan. Shuning uchun ham ular Amir Temurning shaxsi, ilm-fanga qo‘shgan hissasi, o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixida tutgan o‘rniga munosib baho berganlar. Temuriylar davri renessansi Amir Temurning ilmga homiyligi mevasi deb, bilganlar. Temuriylar davri bunyodkorligini e’tirof etganlar. Eng muhimi, Amir Temur Turonni mo‘g‘ullar zulmidan ozod qilgan buyuk sarkarda ekanini ta’kidlab, turkistonliklar chekiga ona-yurtni Rossiya imperiyasi zulmidan ozod qilish tushganini uqtirganlar. Turonni arslonlar o‘lkasi deb atab, arslonlar tomirida Amir Temur qoni oqayotgani, o‘zini sohibqiron vorisi deb bilganlarni yurt ozodligi uchun kurashga da’vat qilganlar.
– Mazmunli suhbat uchun tashakkur!
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi.