IIB faxriylari va yosh xodimlar birgalikda sayohatga chiqdi
Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi faxriylari va yosh xodimlari uchun “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” loyihasi doirasida mamlakatimiz poytaxti hamda Samarqand shahriga sayohat uyushtirildi.
“Payshanba – “Yoshlar kuni” munosabati bilan tashkil etilgan sayohatda faxriylar va yosh osoyishtalik posbonlari dastlab Toshkent shahrida bo‘lib, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishdi. Islom madaniyati, ilm-fan va boy ma’naviy merosimiz aks etgan noyob eksponatlarni tomosha qildi. Markazning qurilish tarixi va ahamiyati haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Poytaxtdagi “G‘alaba bog‘i”da Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alaba, xalqimizning jasorati va matonatini yodga oldi. “Shon-sharaf” muzeyi, “Abadiy olov” maydoni, tematik kompozitsiyalar va harbiy texnikalar namunalarini ko‘zdan kechirdi.




Faxriylar va yosh xodimlarning Samarqand shahridagi sayohati ham barchaga unutilmas lahzalar ulashdi. Qadimiy va hamisha navqiron shaharda islom olamining ulug‘ allomasi Imom al-Buxoriy majmuasi, Xo‘ja Xizr ziyoratgohi va mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Qadimiy kentda yuz berayotgan ulkan yangilanishlar bilan yaqindan tanishib, boy taassurotlar bilan qaytdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri